Prezidentimizning “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi muhim farmoni ushbu sohada yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga ko‘tardi.
Odil sudlov akademiyasi Inson huquqlari, xalqaro huquq va ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi mudiri Dilshod Isroilov farmonning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi:

– Keyingi yillarda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, erta nikoh va maishiy zo‘ravonlik holatlarini bartaraf etish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Yangi farmon aynan shu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishi bilan alohida ahamiyatga ega.
Farmonning eng muhim yangiliklaridan biri, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar bo‘yicha tergovni prokuratura organlari tomonidan amalga oshirish tartibi joriy etilishidir. Xususan, farmonning 14-bandiga muvofiq, Jinoyat kodeksining 118, 119, 121, 128, 128-1 va 129-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni faqat prokuratura organlari amalga oshirishi belgilandi.
Bu amalda juda muhim ahamiyatga ega. Chunki, nomusga tegish, jinsiy zo‘ravonlik, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy harakatlar kabi holatlar og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar hisoblanadi. Bunday ishlar yuqori darajadagi professionallik, maxsus metodika va jinoyat-protsessual tajriba talab qiladi.
Aslida bunday toifadagi jinoyatlar uzoq yillar davomida prokuratura tergovchilari tomonidan tergov qilingan. 2000-yillar boshida jinoyat-protsessual tizimni isloh qilish jarayonida ayrim toifadagi jinoyatlarni tergov qilish vakolati ichki ishlar organlariga o‘tkazildi. Shu davrda jinsiy jinoyatlarni tergov qilish ham ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatildi.
Amaliyot esa bu qaror har doim ham kutilgan natijani bermaganini ko‘rsatdi. Chunki, ichki ishlar organlari tizimida profilaktika xizmati, jinoyat qidiruv bo‘limlari va tergov bo‘limlari bir rahbariyatga bo‘ysungan holda ishlaydi. Bu esa ayrim holatlarda jinoyatlarni yashirish, ro‘yxatga olmaslik yoki jinoyat ishini qo‘zg‘atmaslik kabi holatlarga sabab bo‘lishi mumkin edi.
Jinsiy jinoyatlar tabiatan latent jinoyatlar qatoriga kiradi. Ya’ni ularning katta qismi rasman ro‘yxatga olinmasligi mumkin. Buning bir necha sabablari bor: jabrlanuvchilarning qo‘rquvi yoki ijtimoiy bosim; oilaviy yoki mahalliy muhitdagi ta’sir; tergov organlariga ishonchning pastligi; ayrim hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyatni rasmiylashtirishga nisbatan yetarlicha e’tibor berilmasligi.
Shu bois, jinsiy jinoyatlarni ochish va sifatli tergov qilish uchun mustaqil va kuchli prokuror nazorati muhim ahamiyatga ega. Jinsiy jinoyatlar bo‘yicha tergov vakolatining prokuratura organlariga qaytarilishi bir nechta muhim natijalarga olib kelishi mumkin. Birinchidan, har bir holat prokuror nazoratida bo‘ladi. Bu jinoyatlarni yashirish yoki ro‘yxatga olmaslik holatlarini keskin kamaytiradi. Ikkinchidan, prokuratura tergovchilari bunday toifadagi jinoyatlar bo‘yicha katta tajriba va metodik bilimlarga ega. Uchinchidan, bunday ishlar bo‘yicha tergov sifati oshadi va aybdor shaxslarning javobgarlikdan qochib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Natijada jinoyat uchun jazoning muqarrarligi ta’minlanadi.
Farmonda yana bir muhim yangilik nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, 2027-yildan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bunda, ayniqsa, ayol tergovchilar va ayol sudyalarga ustuvorlik berilishi belgilangan.
Bu amaliyot xalqaro standartlarga ham to‘liq mos keladi. Chunki, jinsiy jinoyatlar qurbonlari ko‘pincha psixologik jihatdan og‘ir holatda bo‘ladi. Ular bilan ishlashda maxsus tayyorgarlik, psixologik yondashuv va ehtiyotkorlik talab qilinadi.
Farmonga muvofiq, huquqni muhofaza qilish akademiyasi, ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Odil sudlov akademiyasida tergovchi va sudyalar uchun maxsus o‘quv dasturi tashkil etiladi. Ushbu dastur “Jinoyatdan jabrlangan ayollar va bolalar bilan ishlashning o‘ziga xos protsessual jihatlari” deb nomlanadi.
Mazkur dasturda xalqaro standartlar, inson huquqlari normalari, jinsiy jinoyatlarni tergov qilish metodikasi, jabrlanuvchilarni himoya qilish mexanizmlari kabi masalalar chuqur o‘rganiladi. Bu esa, sud muhokamalarining yanada adolatli va professional o‘tkazilishiga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, farmon mamlakatimizda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi muhim huquqiy qadamlardan biri bo‘ldi. Ayniqsa, jinsiy jinoyatlar bo‘yicha tergov vakolatining prokuratura organlariga qaytarilishi – adolatni ta’minlash, jinoyatlarni yashirish holatlarining oldini olish va tergov sifatini oshirish nuqtai nazaridan juda to‘g‘ri qaror hisoblanadi.
Shuningdek, bunday jinoyatlarni maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilishi xalqaro standartlarga to‘liq mos keladi. Bu chora-tadbirlar jamiyatda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka mutlaqo murosasiz munosabat shakllantirish, ularning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda adolatli sudlovni ta’minlashga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA