Prezident Administratsiyasi, Oliy sud, Adliya hamda Yoshlar va sport vazirligi vakillaridan iborat Respublika ishchi guruh tashkil etildi.
Mazkur ishchi guruh mahalla aholisini jinoyatchilik haqida xabardor qilish, huquqiy tarbiyani yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmlarini yaratish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib bormoqda.
Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi Xorazm viloyatida faoliyatini boshladi. Urganch va Xiva shaharlari, Gurlan va Bog‘ot tumanlarida bo‘lib, jinoyatchilik soni oshgan mahallalarda fuqarolar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi.
Muloqotlarda mahalla raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchilar, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektorlari hamda asosiy ishtirokchi sifatida yoshlar qatnashdi.

Urganch va Xiva shaharlari, Gurlan va Bog‘ot tumanlarida jinoyatlar soni bo‘yicha “qizil” hududga kiritilgan jami 17 mahalla bo‘lib, ishchi guruh a’zolari har bir mahalladagi fuqarolar bilan jinoyatchilikning oldini olish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida suhbat qilib, aholining takliflarini ham eshitdi.
Shuningdek, jinoyatlar soni oshgan mahallalardagi uchrashuvlarda Xorazm viloyati, tumanlararo va tuman (shahar) sudlari sudyalari tomonidan sayyor sudlar o‘tkazildi. Bu jarayonlarda profilaktik hisobda turuvchi shaxslar, tarbiyasi og‘ir yoshlar va boshqa mahalla ma’muriyati vakillarining ishtiroki ham ta’minlandi.
Sudlanuvchilarning huquqbuzarlik sodir etish holatlari, ularga tayinlangan jazo kabi barcha protsessual jarayonlar mahalla ahlining ko‘z o‘ngida o‘tdi, bundan ishtirokchilar o‘zlari uchun to‘g‘ri xulosa qilishi aniq.
Mahallalarda o‘tgan muloqotlarda faol bo‘lmagan yoshlar qatorida o‘z kasbining ustasi, yurtimiz va dunyo miqyosida chempion bo‘lgan sportchilar borligi ma’lum bo‘ldi. Biror foydali kasb bilan band bo‘lmagan yoshlarni qiziqishidan kelib chiqib, sportchilarga biriktirish, sport to‘garaklariga jalb etish masalalari ham belgilab olindi.
Asosiysi, ishchi guruhning hududlardagi muloqotlarida jinoyatchilikka olib boradigan hech bir masala va jinoyat sodir etishi mumkin bo‘lgan har qanday shaxs e’tibordan chetda qolmadi.
Ishchi guruh o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA