Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jinoyatga jazo tayinlash muhimmi yoki...?
17:19 / 2021-05-26

Buyuk faylasuflardan biri Mark Sitseron jinoyat qilishga moyillik jazosiz qolishni bilishdan boshlanadi, deb qayd etgan.

Bu fikrni boshqa fuzalolar ham davom ettirib, jazosiz qolish har doim bundan ham og‘ir jinoyatlar sodir etilishiga olib kelishini ta’kidlagan.  

Darhaqiqat, jinoyatga jazo muqarrar bo‘lmaganda jinoyatlar ko‘payishi isbot talab qilmaydigan haqiqat.  

Amalda sodir bo‘layotgan jinoyatlar uchun yetarli jazo tayinlanyaptimi? Barcha jinoyatlar uchun tayinlanayotgan jazolarni ko‘rib chiqish imkonsiz, albatta. Shuning uchun birgina odam savdosi jinoyati bilan bog‘liq holatlarga e’tibor qaratsak.

Insoniyat paydo bo‘lganidan keyin sal o‘tib bo‘lsa kerak, odamni odam ekspluatatsiya qilishi, boshqacha aytganda, kuchlilar kuchsizlar ustidan hukm yuritishi, hatto bemalol sota olishi davom etib keladi. Aslida tabiatdagi jonzotlar ichida eng mukarrami bo‘lgan Insonning bir-biriga bunday adolatsizlik qilishi juda achinarli hol. Holbuki, tabiatda boshqa jonzotlar (o‘xshash yoki bir xil turlar) bir-biriga deyarli zarar yetkazmaydi.  

Biroq quldorlik hukm surgan davrlar uzoq o‘tmishda qolgan bo‘lsa ham odamni odam quldek sotishda hamon davom etmoqda. Insonning sha’ni, qadr-qimmatini yerga urib, hayotini toptaydigan bu manfur qilmish jinoyat olamida yuqori o‘rinlardan birini egallaydi. Bu jinoyatni “kasb” qilgan korchalonlar har yili milliardlab dollar foyda ko‘radi.  

Yashirishning hojati yo‘q, odam savdosidan jabr ko‘rayotganlar ichida xorijiy davlatlarga ish qidirib chiqqan yurtdoshlarimiz ham bor. Til bilmay, kasb-hunar egallamay yo‘lga chiqish oqibatida qiyinchiliklarga duchor bo‘lganlar, eng yomoni, og‘ir mehnatni qilib, evaziga haq olmaslik azobini tortganlar kam emas.  

Shuning uchun ham odam savdosiga qarshi kurashish mamlakatimizda davlat siyosati darajasigacha chiqdi. Bu jinoyatga qarshi kurashish, odam savdosi jinoyatidan fuqarolarni ogoh etish, jabrlanuvchilarga yordam berish tizimi yaratildi.  

2008 yilda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Keyinchalik Jinoyat kodeksiga “odam savdosi” jinoyati tushunchasi kiritildi. Bu jinoyat shaxsning ozodligi, sha’ni va qadr-qimmatiga qarshi jinoyatlar turkumiga kiritilgan va og‘ir jinoyatlardan sanaladi.  

2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilinib, ushbu jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmi kuchaytirildi.  

Aytib o‘tish kerakki, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik mustahkamlanib, ijrosi bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan dastlabki vaqtda xorijiy davlatga odamlarni aldab olib ketib, quldek ishlatib haqini bermaganlar jabrlanuvchilarning arizalari orqali javobgarlikka tortish holatlari ko‘paydi.  

Lekin keyinchalik bunday jinoyatlar haqidagi gap-so‘zlar ancha kamaydi. To‘g‘ri, ogohlikka chorlovchi targ‘ibotning kuchaytirilgani ham odamlarning ko‘zini ochdi. Xorijga chiqayotganlar ehtiyot bo‘lish yoki qonuniy yo‘llar orqali ishga ketishga harakat qilmoqda.  

Biroq hamon xorijga borib qiynalib qolayotganlar, aldashi mumkin emas, deb o‘ylagan odamlari (qarindoshi, yaqin do‘sti, qo‘shnisi kabilar)ga ishonib jabr chekayotganlar yo‘q emas.  

To‘g‘risi, jonidan o‘tmagan odam tinmay diydiyo qilishi mumkin emas. Masalan, Namangan viloyati Mingbuloq tumanidan 14 fuqaro bundan ikki yil oldin qishloqdoshining taklifi bilan Rossiyaning eng sovuq hududlaridan biriga borib olti oy ishlagan. Ularga yo‘l kira, kunlik xarajatlar uchun haq berilgan. Biroq kelishuvga ko‘ra oyiga 1000 dollardan berilishi kerak bo‘lgan asosiy ish haqi berilmagan. Ish beruvchi asosiy ish haqini ularni olib kelgan Shuhrat ismli shaxsga berganini aytgan. Yigitlar O‘zbekistonga kelib, ish haqini so‘rashganda esa u hech narsani bilmasligini aytgan. Shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaatlar boshlangan. Afsuski, 14 qorako‘zning dardi hamon o‘z ichida...

Yana bir holatda Xorazm viloyatining turli tumanlaridan bo‘lgan 17 kishi Qozog‘iston Respublikasiga ishlash uchun olib ketilib, ish haqini olmagan.  

Mazkur ikki holatda ham jabrlanuvchilar Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi va uning hududiy bo‘limlariga yordam so‘rab murojaat qilgan.

Ikkinchi holatda jabrlanuvchilardan biri Qozog‘istonda kasal bo‘lib qolgan va o‘sha yerdagi “Sana Sezim” nodavlat tashkiloti ko‘magida O‘zbekistonga qaytarilgan.  

Oradan bir yil vaqt o‘tgan bo‘lsa ham ushbu holat bo‘yicha jabrlanuvchilar hech qanday natijaga erisha olmagan.  

Mingbuloqlik jabrlangan yigitlar bilan muloqotimizda ular qonuniy natijaga erisha olmasa, “samosud” qilishdan boshqa chora qolmasligini aytishdi, alam bilan...

Ikki holatda ham jabrlanuvchilar soni kam emas. Shunga qaraganda, shuncha odam yolg‘on gapirishi mumkinmi?  

To‘g‘ri, ushbu ikki holatda ham huquq-tartibot organlari ularga sudga murojaat qilishni maslahat bergan. Ammo og‘riqli jihati shundaki, aldangan, xo‘rlangan, kunini zo‘rg‘a ko‘rib yurgan bu odamlarda sudga murojaat qilish uchun mablag‘ ham yo‘q.  

Bu holatlar kishini o‘ylantirmay qo‘ymaydi. Jabrlanuvchilarning murojaatlari bo‘yicha ish ochilmagani jinoyatni xaspo‘shlash emasmikin? Balki shu kabi yo‘llar bilan jinoyatlar kamayishi statistikasi yuritilar? Biroq jazo berilmasligi shu kabi jinoyatlarning yana sodir etilishiga yo‘l ochib bermaydimi? Shundan ko‘ra jinoyatga jazo muqarrarligini keskin ta’minlash, adolat o‘rnatish yaxshi emasmi?  

Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA