Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jinoyatga jazo muqarrar
12:47 / 2024-09-21

Hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Umr daftarini yaxshi yoki yomon fazilatlar bilan to‘ldirish insonning o‘ziga bog‘liq. Elmurod Mirjanov(ism-sharfi shartli ravishda o‘zgartirildi) 40 yoshga kirmay turib, bir emas besh marotaba sudlandi.

Sudlanuvchi E.Mirjanovga muqaddam o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlanib, 16 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. U jazoni Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan N-sonli jazoni ijro etish koloniyasida umumiy tartibda o‘tab kelgan.

2024 yil 24 mart kuni soat 17:50 lar chamasi. Koloniyaning barcha mahkumlari kun tartibi bo‘yicha ovqatlanish uchun saflanib oshxonaga borayotganida safning orqa qismiga o‘tib 4-turkum mahkumlari oldida o‘z noroziligini bildirib, koloniya xodimini haqorat qiladi. Xodimining  qonuniy talablarini rad qilib safdan chiqib, jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining ichki tartib qoidalariga bo‘ysunmaydi. 

Koloniya xodimi mahkum E.Mirjanov bilan tarbiyaviy ishlar olib bormoqchi bo‘ladi. Mahkum: “Qo‘llaringdan nima keladi, aytganlaringni qilmayman, bu zonadan to‘yib ketdim” deb, yonida yashirin saqlangan o‘tkir tig‘li lezviya bo‘lagini olib, og‘ziga soladi. Koloniya xodimlari uni tinchlantirib, tibbiy yordam ko‘rsatib og‘zidagi lezviya bo‘lagini chiqarib oladi.

E.Mirjanov shu kabi harakatlari bilan bir necha marta intizomiy jazoga tortilgan bo‘lishiga qaramay, tuzalish yo‘lini tanlamadi. U doimiy koloniyadagi vaziyatni izdan chiqarishga harakat qilib kelgan.

Sud Elmurod Mirjanovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 221-moddasi 2-qismining “b” bandida tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 60-moddasiga asosan mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga ilgarigi hukm bilan tayinlanib o‘talmay qolgan 7 (yetti) yil 13 (o‘n uch) kun ozodlikdan mahrum qilish jazosini qisman qo‘shish yo‘li bilan unga uzil-kesil 7 (yetti) yil 6 (olti) oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.  

Har bir inson umr daftarini yaxshilik, ezgu amallar bilan bezata olsa uning hayoti besamar ketmaydi. Ammo, bu oddiy haqiqatdan tonganlar nafaqat o‘zi, balki jamiyatga, ota-onasi, farzandlarining baxtsizligiga sababchi bo‘ladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.