Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra G‘ijduvonda yuk avtomashinasining zaxira diska va shinasini o‘g‘irlab ketgan shaxslar qo‘lga olindi.
2023 yil 15 aprel kuni soat 22:00 larda noma’lum shaxs G‘ijduvon tumani A.Qahhor mahallasidagi yo‘l bo‘yida turgan fuqaro Sh.R. ismli shaxsga tegishli bo‘lgan “DAF” rusumli yuk avtomashinasining zaxira diskasi va shinasini yashirin ravishda olib, jabrlanuvchiga 4 million so‘m moddiy zarar yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Olib borilgan tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Navoiy viloyati Navoiy shahri Tinchlik mahallasida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro G‘.I., hamda uning mahalladoshi 2005 yilda tug‘ilgan G‘ijduvon tumani 2-son kasb-hunar kolleji 1-bosqich talabasi voyaga yetmagan shaxs Sh.O. oldindan jinoiy til biriktirib, sodir qilganliklari aniqlandi.
Hozirgi kunda ushbu shaxslarning boshqa xuddi shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv va tergov harakatlari davom etmoqda.
Zarif KOMILOV, O‘zA