Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jinoyatga jazo muqarrar
15:00 / 2022-08-05

Hech bir inson jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi.

Ammo, ma’naviyati nuqsonli bo‘lgan kishi borki, xatti-harakati oqibatini o‘ylamay  ish qilib, jinoyatchi, degan tamg‘ani orttirib oladi. 

Bugun e’tiboringizga havola etilayotgan jinoyat tafsiloti ishtirokchilari ham bir oilaga bosh, kimningdir otasi, yana bir umidvor mushtipar onaning dilbandi, qariganimda suyanch bo‘ladi degan umidda ulg‘aytirgan otaning o‘g‘li.  

Afsuski, jinoyat yo‘lini tanlagan yigitlar jismonan sog‘lom, tog‘ni ursa talqon qiladigan yoshda. Biroq, ular og‘irning ustidan, yengilning ostidan o‘tishni afzal ko‘rgan odamlar. 

Yadgarov Abdug‘affor Muxamadovich 1986 yil 17 iyulda Buxoro viloyati Buxoro shahrida tug‘ilgan. Millati o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti o‘rta, oilali, 4 nafar farzandi bor, muqaddam 2 marta sudlangan. 

Do‘sting kimligini ayt, men senga kimligingni aytaman, deyilgan purma’no hikmat bejizga aytilmagan. Oybek Haydarov, Azizbek Azimov, Bekzod Xoliqovlar Abdug‘affor Yadgarovning jinoiy sheriklari hisoblanadi. Ularning tarjimai hollari bilan tanishganda shubhasiz, “ko‘r-ko‘rni qorong‘uda toparkanda”, deysiz. Jinoiy guruhdagilarni bir-biriga bog‘lab turgan “ip” ular avtomobil savdosi bilan shug‘ullanadi.  

2018 yil sentyabr oyida “Buxoro transport logistik” MCHJ nomida bo‘lgan 2018 yilda ishlab chiqarilgan “Kobalt” rusumli avtomashinani  B.Xoliqov A.Yadgarovga 12.500 AQSH dollariga sotadi. Avtomashinaning  kelishilgan narxdagi pullarini B.Xoliqovga bermay turib A.Yadgarov o‘zining tanishi Sh.Chariyevga 15 ming AQSH dollarga pullaydi. A.Yadgarov Sh.Chariyevdan oldindan 3000 AQSH dollarini oladi. Qolgan 12 ming  AQSH dollarini 2 oyda beraman, deb kelishgan Shuhrat Chariyev aytilgan vaqtda pullarni bermaydi. Pul pulni topadi, bepul bosh og‘riqni orttiradi, deganlaridek hamma muammo shundan boshlanadi. 

2018 yilning 4 noyabrdan 5 noyabrga o‘tar kechasi kech soat 00-30 larda Buxoro shahar Gazli shossesida joylashgan Buxoro-Xorazm yo‘nalishidagi A-380 yo‘lidagi yangi qurilgan ko‘prikka Sh.Chariyevni olib borib ko‘prik ustidan tashlab yuborish va boshqa qattiq choralar bilan jazolashini aytib qo‘rqitadi.   

Xaydarov Oybek Beshimovich  1990 yil 17 iyulda Buxoro viloyati, Buxoro shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti o‘rta, oilali, 4 nafar farzandi bor, muqaddam  sudlangan. 

Azimov Azizbek Samadovich  1986 yil 1 noyabr kuni Buxoro viloyati, Buxoro shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti o‘rta-maxsus, oilali, muqaddam  sudlangan. 

Xolikov Bekzod Radjabovich 1985 yil 23 fevralda Buxoro viloyati, Buxoro shahrida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston fuqarosi, ma’lumoti o‘rta-maxsus, oilali, 5 nafar farzandi bor, muqaddam 4 marta sudlangan. 

Abdug‘affor Yadgarov Shuhrat Chariyevga avtomashina pulidan tashqari yana 2000 AQSH dollari  qarzdor ekanligini uqtiradi. O‘sha tunda hayoti xavf ostida qolayotganligini bilgan Shuhrat Chariyev 2000 AQSH dollarini beradi. Ammo, nafsi hakalak otgan tovlamachilar 5 noyabr kuni soat 17-00 ga qadar pullarni keltirmasa, o‘zlari o‘ylab topgan “usul”da jazolashmoqchi bo‘lishadi. Ayonki, aytilgan pulni Shuhrat Chariyev keltira olmaydi. Qarzdor chorasiz qolgan yigitni bosqinchilar tinch qo‘yishmaydi. 

Kech soat 23-00larda Buxoro shahar Bahouddin Naqshband va Gazli ko‘chalari kesishmasida joylashgan “Nyu -York” kafesiga chaqirishadi. Jinoiy guruh a’zolari A.Yadgarov, B.Xoliqov, A.Azimov va boshqalar B.Xoliqov boshqaruvida bo‘lgan “Kaptiva” avtomashinasiga Sh.Chariyevni mindirib, Buxoro Xalqaro aeroporti hududiga tutash bo‘lgan Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga olib boruvchi yo‘lga olib borishadi.

Insoniylik, diyonat degan tushunchalarni tamoman unutgan tovlamachi, bosqinchilar Sh.Chariyevni o‘ldirib, ko‘mib tashlash bilan qo‘rqitib, qarzni kechikib to‘layotganligi uchun 4000 AQSH dollari ustama  ya’ni  jinoyatchilar tilida aytganda  “gruz” to‘lashni talab qilishadi. 

Jinoiy guruh boshida turgan Abdug‘affor Yadgarov 2018 yilning dekabr oyida “o‘ljasi” Shuhrat Chariyevni o‘zi yashab kelgan Buxoro shahari Shayxon massividagi uyiga chaqirtirib oladi. Aytilgan pulni, aytilgan vaqtda keltirmagan Shuhrat Chariyevni urib unga tan jarohati yetkazadi.  

2019 yil yanvar oyida “Kobalt”ni Shuhrat Chariyev orqali O‘tkir Baratovga  8 ming 300 AQSH dollariga pullaydi. Avtomashina O‘tkir

Barotov nomiga rasmiylashtiriladi. Falakning gardishini qarangki, Shuhrat Chariyev qamoqqa olinganligini eshitgan Abdug‘affor Yadgarov fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga murojaat qilib mazkur avtomashinani egaligiga olish haqidagi 2019 yil 23 dekabr kunidagi hal qiluv qarorini chiqarishga hamda MIB xodimlari orqali avtomashinani qaytarib olishga ham erishadi. 

Shaxsiy manfaat yo‘lida qing‘ir yo‘llar bilan bo‘lsada, boylik orttirishga erishishda qonunlarni ham chalg‘itishga uringan Abdug‘affor Yadgarov hamda uning jinoiy sheriklari noqonuniy harakatlari uchun qonun oldida javob berishi haqida umuman o‘ylamagan edi.  

Qonunlarni mensimasdan qabih ishlarini davom ettirgan jinoiy guruh a’zolari Abdug‘affor Yadgarov va boshqalar tadbirkor Bahodir Kabilovni aldab, ishonchini suiiste’mol qilishadi. G‘isht zavodi ishini yuritish uchun olgan  10 ming AQSH dollarini  o‘z vaqtida qaytarmaganligi uchun Bahodir Kabilovni  o‘ldirib yuborish bilan qo‘rqitib g‘isht zavodini o‘zlashtirib olishadi. 

Buxoro viloyati sudi apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 31 martdagi ajrimi bilan A.Yadgarovning aybidan JKning 105-moddasi chiqarilib, jazo muddati 5 yil 1 oyga keltirilgan hamda sudlanuvchilar A.Yadgarov va X.Xoliqovdan jabrlanuvchi Sh.Chariyevga solidar tartibda 20 million 949 ming 960 so‘m undirish belgilangan, hukmning qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirilgan. 

Sudlangan A.Yadgarov va B.Xoliqovning aybi jabrlanuvchilar Sh.Chariyev, O‘.Barotov, guvohlar B.Norov, S.Djumayev, N.Xamrayev, Sh.Xamroyevlarning ko‘rsatuvlari, yuzlashtirish bayonnomalari, telefon qo‘ng‘iroqlarining kirish-chiqish ma’lumotlari hamda jinoyat ishida to‘plangan boshqa dalillar bilan isbotlangan. 

Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2021 yil 6 avgustdagi ajrimi bilan sudlanuvchilar va advokatning shikoyati asosida apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. 

Sud Abdug‘affor Yadgarovga O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddasi bilan 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinladi. 
Mana ko‘za kunda emas, kunida sinadigan kun keldi. Qonunning qo‘li uzun, nigohlari o‘tkir. Uning nazaridan, qat’iy talabidan, qolaversa, jazodan qochib qutilib bo‘lmaydi.  

Zarif Komilov, O‘zA