French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jinoyatga jazo muqarrar
10:58 / 2022-06-06

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Toshkent viloyatida vaqtincha istiqomat qiluvchi Turkiya Respublikasi fuqarosi, 1965 yil tug‘ilgan Yu.X.ning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.

U Turkiyada bo‘lish tartibini buzganligi bois, deport qilingan fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning mazkur davlatga kirishlari uchun qo‘yilgan taqiqlarni bekor qildirib berishni va’da qilib, firibgarlik yo‘li bilan pul mablag‘larini o‘zlashtirib kelgan.

Jumladan, Sirdaryo viloyatida yashovchi 1963 yilda tug‘ilgan U.G.ga nisbatan Turkiya davlatiga kirishi uchun 5 yil muddatga qo‘yilgan taqiqni bekor qildirib berish evaziga 2020 yilning dekabr oyida 1500 AQSH dollari talab qilib, oldindan 1000 AQSH dollari olgan.

Shuningdek, 2021 yilning fevral oyida Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan A.R. bilan uchrashib, u va turmush o‘rtog‘ining Turkiya davlatiga kirishlariga qo‘yilgan 5 yillik taqiqni 45 kun ichida bekor qildirib berish evaziga 3000 AQSH dollari talab qilib, oldindan 2500 AQSH dollari olgan.

2021 yilning mart oyida esa Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan A.Z.ning ham shunday muammosini 1500 AQSH dollari evaziga hal qilib berishini aytib, oldindan 1300 AQSH dollari olgan. Ammo va’dasini bajarmay, pullarni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Natijada 2021 yilning noyabr oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan Yu.X. Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan aybdor, deb topilib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi bois, unga nisbatan bazaviy hisoblashning 300 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.

Ammo, sud tomonidan berilgan muddat mobaynida Yu.X. jarimani to‘lashdan bo‘yin tovlaganligi uchun unga nisbatan qo‘llanilgan jazo jinoyat ishlari bo‘yicha O‘rtachirchiq tuman sudining 2022 yilning aprel oyidagi ajrimi bilan 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosiga almashtirildi.

O‘zA