French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jinoyatchilikning oldini olishda huquqiy madaniyat zarur
20:34 / 2023-09-13

Aholini jinoyatchilik haqida xabardor qilish, huquqiy tarbiyani yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmini yaratish bo‘yicha Oliy sud, Adliya hamda Yoshlar va sport vazirliklari vakillaridan iborat respublika ishchi guruhi Samarqand viloyatida bo‘lib turibdi.

Ishchi guruh a’zolari tuman va shaharlarda aholi bilan uchrashib, ochiq muloqotlar tashkil qilgan holda huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazmoqda. Jumladan, Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov boshchiligidagi guruh a’zolari Urgut va Tayloq tumanlarida bo‘lib, jinoyatchilik sonining oshishiga sabab bo‘layotgan omillarni o‘rgandi. Mazkur tumanlardagi 12 mahalla jinoyatlar soni bo‘yicha “qizil” hududga kiritilgan.  

Davra suhbatlari aynan ushbu mahallalarda tashkillashtirildi. Asosiy e’tibor jinoyatlarning oldini olishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, bunda mahalla faollari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va yoshlar ishtirokini ta’minlashga qaratildi. Urgut tumanidagi Kenagas, Toyloqdagi Charog‘on mahallalarida tashkil etilgan muloqotlarda ishchi guruh a’zolari har bir fuqaroning huquqiy madaniyatini oshirish zarurligini ta’kidlab, jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha faollarning takliflarini eshitdi. Joylarda mahalla beshligining faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi.  

Huquqiy tarbiyani yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmlarini yaratish maqsadida tarbiyasi og‘ir yoshlarning har to‘rt nafariga bir nafardan taniqli sportchilar biriktirildi. Jinoyatlar soni oshgan mahallalardagi uchrashuvlarda tuman va shahar sudlari sudyalari tomonidan sayyor sudlar o‘tkazilib, profilaktik hisobda turuvchi shaxslar va tarbiyasi og‘ir yoshlar ishtiroki ham ta’minlandi. Joylardagi uchrashuvlar davomida fuqarolarning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlar bo‘yicha murojaatlari ham ko‘rib chiqildi.  

G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri