Jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan choralar o‘z samarasini bermoqda
Profilaktika xizmatining jamoatchilik bilan hamkorligi mustahkamlangani natijasida 9 ming 93 mahalladan 5 ming 346 tasida o‘tgan yetti oy davomida umuman jinoyat sodir qilinishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yetti oy yakuni bo‘yicha respublikamizda 18 ming 23 jinoyat ro‘yxatga olindi. 2018 yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 26 ming 57 tani tashkil etgan edi. Demak, bu jinoyatchilik 30,83 foizga kamayganini ko‘rsatadi.
Profilaktika xizmatining jamoatchilik bilan hamkorligi mustahkamlangani natijasida 9 ming 93 mahalladan 5 ming 346 tasida o‘tgan yetti oy davomida umuman jinoyat sodir qilinishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Jamoat tartibini ta’minlash kuchlari faoliyatini samarali tashkil etish, tezkor kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan hududlar va odamlar gavjum bo‘lgan maydonlar, istirohat bog‘lari, bozorlar, savdo majmualari atrofida o‘rnatilgan butkalarda patrul-post xizmati naryadlarining uzluksiz xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Bu sodir bo‘layotgan jinoyatlarni tezkor aniqlash imkonini bermoqda. Joriy yil 15 iyul kuni 27 yoshli Salima (ushbu va keyingi ismlar o‘zgartirilgan) Toshkent shahri Qo‘yliq dahasidagi ko‘p qavatli uyda xonadon oynasini sindirib kirib, 6 turdagi zargarlik buyumlari va uy egasining jamg‘argan pulini o‘g‘irlab ketayotganida shu hududda xizmat olib borayotgan patrul-post xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Toshkent shahri va viloyatlarda patrul-post xizmati xodimlari planshetlar bilan ta’minlangan. Bu ularning markaz bilan doimiy aloqada bo‘lishiga xizmat qiladi. Shuningdek, patrul-post xizmati avtomobillariga “JPS” navigatorlari o‘rnatilib, situatsion markazdan nazorat qilinishi ham yaxshi samara bermoqda.
Ta’kidlash joizki, turistik shaharlarda erkak va ayol juftligidagi patrul xizmatlari tashkil qilinganini, ayniqsa, xalqaro aeroportlarda, temir yo‘l vokzallari va madaniy meros ob’ektlarida “Ezgulik patruli” xizmati yo‘lga qo‘yilganini nafaqat xalqimiz, balki chet ellik turistlar va mehmonlar ham e’tirof etmoqda.
Tezkor-qidiruv, tergov apparatlari va ekspert-kriminalistika xodimlarining kunu tun olib borgan xizmatlari ham jinoyatchilikning oldini olish va kamaytirishda asosiy omillardandir.
Ichki ishlar organlari barcha soha xodimlarining hamkorlikda olib borgan ishlari natijasida yetti oy yakuni bo‘yicha qotillik 30,32 foizga, og‘ir tan jarohati yetkazish 32,01 foizga, o‘g‘rilik 60,32 foizga, talonchilik 55,71 foizga, bosqinchilik 37,23 foizga, firibgarlik 44,86 foizga kamayishiga erishildi.
2019 yil 13 may kuni Toshkent viloyati Angren shahrida 17 yoshli 10-sinf o‘quvchisi Ma’mura tilla taqinchoq sotib olish uchun Baxrinisoning uyiga kirib, u bilan taqinchoqlar narxini kelisholmaganligi tufayli uni pichoq bilan bir necha marotaba urib o‘ldirib, voqea joyidan qochib ketayotgan vaqtida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Giyohvandlikka qarshi kurashish ham jinoyatlarning oldini olishga xizmat qilmoqda. Narkotik moddalar va ular analoglarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish borasida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yuksak mas’uliyat va e’tibor bilan ish olib borilmoqda. Natijada o‘tgan 7 oy davomida 1 ming 821 shaxs qo‘lga olinib, 335 kilogramm 751 gramm giyohvandlik vositalari daliliy ashyo sifatida olindi.
Bundan tashqari, joriy yil 1 maydan 30 iyunga qadar “Qora dori – 2019“ keng qamrovli tadbirining birinchi bosqichi o‘tkazildi. Unda respublika bo‘ylab barcha huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari, ular qatorida 9 mingdan ortiq ichki ishlar organlari xodimlari hamda 3,5 mingdan ziyod jamoatchilik, korxona, tashkilot va hokimiyat vakillari jalb qilindi. Narkotik moddalar kontrabandasining oldini olish maqsadida chegaraoldi va tog‘li hududlarda, shuningdek, aylanma yo‘llarda 361 ko‘chma harakatlanuvchi postlar va 303 to‘siq guruhlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu guruhlar va postlarga jami 4 ming 260 texnika vositasi ajratildi hamda 306 xizmat iti jalb etildi.
Natijada “Qora dori – 2019“ keng qamrovli tadbirining birinchi bosqichida respublika bo‘yicha giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 1 ming 48 holat aniqlanib, jami 174 kilogramm 987 gramm narkotik moddalar ushlab qolindi. Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yashovchi 33 yoshli E.Nizomboev Qirg‘iziston Respublikasi Batkent viloyatidan aylanma yo‘llar orqali kontrabanda yo‘li bilan 1 kilogramm 690 gramm opiy giyohvandlik moddasini olib kelib, 2019 yil 6 avgust kuni Qo‘qon shahrida 12 ming dollarga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, tadbir davomida umumiy 2363 kvadrat metr yer maydonida tarkibida narkotik vositalar mavjud o‘simliklar yetishtirilgani aniqlanib, yo‘q qilindi. Shundan 289 holatda 1999 kvadrat metr yer maydonda ko‘knori, 202 holatda esa 364 kvadrat metr maydonda yovvoyi tarzda o‘sayotgan nasha o‘simliklari aniqlanib, yo‘q qilindi. Ushbu holatlar bo‘yicha yovvoyi nashalarni yo‘q qilish choralarini ko‘rmagan mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.
“Qora dori – 2019” keng qamrovli tadbirining birinchi bosqichida vazirlikning Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan 25 kun mobaynida vertolyotda amalga oshirilgan nazoratli uchishlar natijasida 84 holat aniqlanib, 348 kvadrat metr maydonda tarkibida narkotik moddalar bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlanib, 9 kilogrammdan ortiq narkotik modda ushlab qolindi.
Hududlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash, videokuzatuv vositalarini o‘rnatish orqali kriminogen vaziyatni to‘liq nazoratga olish maqsadida ichki ishlar bo‘limlarida “Vaziyatlar markazi” tashkil qilinib, jinoyat sodir etilishi mumkin bo‘lgan, aholi gavjum joylarga zamonaviy IP-videokuzatuv kameralari, shaxsni yuz tuzilishi orqali, avtomobillarni davlat raqamlari orqali tanish imkonini beruvchi kameralar, shuningdek, ta’lim muassasalariga ovoz yozuvchi kameralar o‘rnatilib, “Vaziyatlar markazi”da o‘rnatilgan monitorlar orqali nazorat olib borilmoqda.
Bundan tashqari, huquqbuzarliklar va favqulodda holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hududiy ichki ishlar organlariga fuqarolar tomonidan zudlik bilan yetkazishlarini ta’minlash maqsadida aholi gavjum joylarga “SOS” tashvish tugmalari o‘rnatilmoqda.
Samarqand shahriga kirib kelayotgan xorijiy hamda mahalliy turistlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi kuch vositalaridan samarali foydalanish imkoniyatini beruvchi zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan jihozlash “Vaziyat markazi” tashkil qilinib, Samarqand shahrining odam gavjum joylariga va ob’ektlarga o‘rnatilgan 1 ming 597 videokuzatuv kamerasi ushbu markazga ulandi.
Samarqand viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlariga mobil planshetlar tarqatilib, ularga mobil tarjimon dasturlari o‘rnatildi. Bugungi kunda xodimlar xizmat davomida ushbu planshetlardan samarali foydalanib kelmoqda.
Shuningdek, shahardagi jami 107 mehmonxonaga “Ye-mehmonxona” dasturiy ta’minoti o‘rnatilib, tegishli vazirlik va idoralar ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilingan holda barcha mehmonxonalarda to‘liq ishlamoqda.
Prezidentimiz olib borayotgan insonparvarlik siyosati tufayli diniy-ekstremistik oqimlar ta’siriga adashib tushib qolgan ko‘plab fuqarolar o‘z hayotini yangi sahifadan boshladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har yili e’lon qilinayotgan umumafv jarayonida adashgan fuqarolar jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilib, oilalari bag‘riga qaytib, barcha singari jamiyatimiz rivojiga hissa qo‘shishga harakat qilmoqda.
Prezidentimiz 2019 yil 10 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muqaddam yot g‘oyalar ta’siriga adashib tushib qolgan fuqarolarga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan bergan ko‘rsatmalari asosida bir qator amaliy ishlar olib borilib, ekstremistik oqimlar safiga adashib kirib qolgan va maxsus ro‘yxatda turgan fuqarolar bilan jamoatchilik asosida chuqur ishlash orqali ularni hisobdan chiqarish tashabbusi bilan chiqdi. Insonparvarlik tamoyillariga asoslangan bu xayrli ishlar qisqa fursatda o‘z samarasini bermoqda.
Fuqarolarning oilaviy ahvolini chuqur o‘rganish, adashganlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, ularni mahalla hamda jamoatchilik ishlariga jalb qilib, fuqarolik mas’uliyatini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida turli soha vakillaridan iborat ishchi guruhlari tuzildi.
Ushbu ishchi guruhlar a’zolari jazoni ijro etish muassasalaridan chiqarilgan, qidiruvda bo‘lgan va profilaktik hisobda turgan, muqaddam ekstremistik oqimlar ta’siriga adashib tushib qolgan barcha shaxslarning yashash manzillariga borib, ularning o‘zi, ota-onalari, yaqinlari bilan suhbatlashdi. Oilaviy ahvoli, ularni qiynayotgan muammolar o‘rganilib, ularni hal etish yuzasidan amaliy ishlar tashkil qilindi.
Mazkur ishlarning amaliy misoli sifatida respublika bo‘yicha jazoni ijro etish muassasalaridan chiqarilgan, jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan va profilaktik hisobdagi shaxslarning 13 mingdan ortiq muammosi o‘rganilib, ularni ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda. Hozirgi kunga qadar aholining eng zaruriy ehtiyojlari bo‘lmish 231 uy-joy, 118 uy-joyni ta’mirlash, 992 kredit, 497 ishsizlik, 992 tibbiy yordam, 607 kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, 288 kommunal (gaz, suv, elektr) to‘lovlar qarzdorligi va 381 shu kabi boshqa muammolar hal etilmoqda.
Bundan tashqari, yosh avlodni Vatanimiz tinchligi va uning kelajagiga daxldorlik ruhida tarbiyalash maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda uyushmagan yoshlar, o‘quvchi va talabalarni keng jalb qilgan holda ma’naviy tahdidlardan ogohlik ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida targ‘ibot-tashviqot tadbirlari tashkillashtirilmoqda.
2019 yilning o‘tgan davri mobaynida 747 ming 747 fuqaroga biometrik pasport tarqatildi. Hozirgi kunga qadar respublikamizning 22,5 milliondan ortiq aholisi yoki 97,2 foizi biometrik pasport bilan hujjatlashtirildi.
Shuningdek, joriy yilning 7 oyi davomida Prezident farmonlariga asosan fuqaroligi bo‘lmagan 3 ming 674 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi. Yetti oy davomida 550 ming 503 fuqaroga xorijga chiqish pasporti rasmiylashtirib berildi.
Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida navbatdagi Hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi tezkor-xizmat faoliyati natijalari hamda kelgusidagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Jinoyatchilikni jilovlash va aholi osoyishtaligini ta’minlash maqsadida qator ishlar amalga oshirilgani natijasida o‘tgan vaqt mobaynida respublika bo‘yicha umumiy jinoyatchilik 30,83 foizga kamaygani qayd etildi.
Erishilgan ijobiy natijalar bilan birga, ayrim hududiy ichki ishlar organlari tomonidan jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligiga e’tibor qaratildi.
Kun tartibiga qo‘yilgan keyingi masalada ichki ishlar organlari xodimlari xizmat intizomiga qat’iy amal qilgan holda xalq manfaatlari ustuvorligini ta’minlash va fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida va sifatli javob qaytarish kerakligi, shuningdek, har bir rahbar xodim o‘z vazifasiga yanada mas’uliyat bilan qarab, faoliyatini tanqidiy ko‘z bilan baholashi kerakligi alohida qayd etildi.
Yig‘ilishda yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 28 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va ushbu bayramlarni o‘tkazish davrida respublika hududida jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi vazifalar xususida ham so‘z bordi. Unda bayram tadbirlari o‘tkazilayotgan hududlarda, jamoat joylarida, tashkilot va korxonalarda turli ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida mutasaddi rahbarlarga barcha xavfsizlik choralarini ko‘rishlari yuzasidan topshiriqlar berildi.
Q.BURHONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Ichki
ishlar vazirligi Jamoatchilik va
OAV bilan aloqalar boshqarmasi boshlig‘i.