Buxoro viloyati hokimligida viloyatda sodir boʻlgan ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlar, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan, aholi orasida shov-shuvlarga sabab boʻlayotgan huquqbuzarliklar muhokamasiga oid tanqidiy-tahliliy ruhdagi yigʻilish oʻtkazildi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Ulugʻbek Hamdamov, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Ikromjon Tursunov, huquq-tartibot organlari masʼullari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha viloyat hamda hududiy idoralararo komissiya aʼzolari, mutasaddi idoralar vakillari ishtirokidagi yigʻilishda Kogon shahrining Maxtumquli mahallasida sodir etilgan qotillik hamda viloyatning boshqa hududlarida kuzatilgan bir qator jinoyat va huquqbuzarliklar tilga olindi. Shuningdek, vujudga kelgan kriminogen vaziyat, jinoyatlarning kelib chiqish sabablari, unga omil boʻlgan sharoit, jinoyatchilikni jilovlash borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar xususida soʻz yuritildi. Kriminogen vaziyat ogʻirlashgan ushbu hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish mexanizmlarini belgilash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha masʼullarning hisoboti tinglandi.



Muhokama qilingan hududlarning masʼullari, sektorlar rahbarlari va boshqa mutasaddilarga intizomiy chora qoʻllash toʻgʻrisida yigʻilish qarori qabul qilindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.