Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jinoyatchilikni ilmiy tadqiq qilishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi
09:57 / 2025-07-24

O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutida jinoyatchilikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Institut rahbariyati tomonidan ishtirokchilarga institutning huquqiy maqomi, strategik vazifalari, dolzarb tadqiqot yo‘nalishlari, xalqaro reytinglar bilan ishlash bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Institut tomonidan 15 ga yaqin, xususan, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlardagi kriminologiya institutlari, jinoyatchilikni tadqiq qilish  markazlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Tadbirda ushbu davlatlarda jinoyatchilikka qarshi kurashishning ilg‘or amaliyoti, jumladan, kiberjinoyatchilik, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligi va  reabilitatsiya dasturlari bo‘yicha tajribalar namoyish etildi. 

Jinoyatchilik bo‘yicha statistik tahlillar, so‘rovnomalar, ilmiy prognozlar va kriminogen hududlarni aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari taqdim qilindi. Ayniqsa, jinoyatchilikning omillarini aniqlashdagi innovatsion yondashuvlar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Institut tomonidan nashr etilgan kriminologik jurnallar, ilmiy maqolalar, uslubiy qo‘llanmalar, axborotlar va  ijtimoiy foydali bukletlar namoyish etildi. 

«Kriminologiya» xalqaro jurnalining yangi soni, voyaga yetmaganlar bilan ishlashga doir metodik tavsiyalar, jinoyatlarni tahlil qilishda qo‘llanilayotgan texnologik vositalar, elektron nazorat tizimlari, smart-brasletlar, interaktiv monitoring paneli va sun’iy intellekt asosida jinoyatni prognoz qilish bo‘yicha ishlanmalar haqida ma’lumot berildi.

Institut rahbari, polkovnik B.Berdialiyev kriminogen vaziyat, jinoyatchilik tendensiyasi, sabablari va oqibatlariga to‘xtalib o‘tdi.  

Ushbu tadbir jinoyatchilikning zamonaviy turlari va ularning xavfini jamoatchilikka yetkazish, ilmiy tahlil va faktlarga asoslangan yondashuv asosida keng muhokama qilish, fuqarolik jamiyati ishtirokini kuchaytirish va institut faoliyatini shaffof ochib berish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Kriminologiya tadqiqot instituti mas’ullari bunday ochiq muloqot formatidagi tadbirlarni davom ettirish, ommaviy axborot vositalari bilan muntazam hamkorlikni kuchaytirishga doim tayyorligini bildirdi.

N.Abduraimova,

O‘zA