Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jinoyatchilikka qarshi kurashishda mayda masala yo‘q
14:21 / 2026-01-29

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida Qibray tumanida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan kengaytirilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Asosiy maqsad Prezidentimizning xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashdir. 

Unda viloyat va tuman hokimliklari mas’ullari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, ta’lim muassasalari va tuman IIB profilaktika inspektorlari, mahalla raislari, xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha mas’ullar, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Muloqot davomida jinoyatchilikka qarshi kurashishda olib borilayotgan ishlar har tomonlama tahlil qilinib, uyushgan jinoyatchilikka qarshi qat’iy kurashish, kiberjinoyatchilik, yashirin iqtisodiyot hamda narkojinoyatlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish masalalari muhokama qilindi. 

Shu bilan birga, mahallalarda oilaviy zo‘ravonlik, talonchilik va bezorilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, giyohvandlikka nisbatan toqatsiz muhitni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, huquqbuzarliklar ko‘p uchrayotgan takroriy xavf darajasi yuqori bo‘lgan, shartli ravishda “qizil mahallalar” deb belgilangan hududlarda profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, manzilli yondashuvni kuchaytirish, ta’lim muassasalari, mahalla va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish zarurligi ta’kidlandi. 

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yilda Qibray tumanida jami 679 ta jinoyatlar hisobga olingan bo‘lib, 2024 yilga nisbatan  29 taga oshgan. Tumandagi 60 ta mahallalarning 23 tasi “yashil”, 30 tasi “sariq” va 7 tasi “qizil” toifaga ajratilgan. 31 ta oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar “qizil” toifadagi mahallalarda sodir etilgan. 

Viloyat hokimi o‘z so‘zida jinoyatchilikka qarshi kurashishda mayda masala yo‘qligini, har bir murojaat, har bir holatga mas’uliyat bilan yondashish orqaligina jamoat xavfsizligini ta’minlash mumkinligini qayd etdi. Shuningdek, profilaktika ishlari faqat oqibatni bartaraf etish emas, balki jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan bo‘lishi lozimligi aytildi. 

Bundan tashqari, Qibray tumanida har bir mahalla kesimida jinoyatchilik holatini tahlil qilish, “qizil mahallalar”da kompleks chora-tadbirlarni kuchaytirish, yoshlar va talabalar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. 

Uchrashuv yakunida yig‘ilganlar o‘zlarining taklif va mulohazalarini bildirdi. Muammolar tinglanib, ularning yechimi bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq ko‘rsatmalar berildi. 

A.Musayev, O‘zA.