Qashqadaryo viloyati prokurori Bektosh Sayipovning aholiga yo‘llagan murojaati jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Unda viloyatda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, qonuniylikni ta’minlash hamda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha yoritilgan.
So‘nggi yillarda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillar tezkor aniqlanib, bunga yo‘l qo‘ygan mas’ullarning javobgarligi hal etilmoqda. Natijada 2025 yilda viloyatda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar sezilarli darajada kamaygan.
Mahallalarda aholi gavjum joylar, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar, ta’lim muassasalari atrofiga minglab zamonaviy kuzatuv kameralari o‘rnatildi. 16 mingdan ortiq xonadon texnik qo‘riqlovga olindi, yuzlab “namunaviy xavfsiz yo‘lak” va “namunaviy xavfsiz ko‘cha”lar tashkil etildi. Shuning natijasida viloyatdagi 776 ta mahallaning 379 tasida umuman jinoyat sodir etilmadi, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar esa 43 foizga kamaydi.
Biroq murojaatda ta’kidlanganidek, ayrim shaxslar hanuz nopok yo‘llar bilan boyishga urinib, o‘zganing mol-mulkiga tajovuz qilmoqda. Ayniqsa, kiber jinoyatlar keskin ko‘paygan. O‘tgan yilda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda 5 ming 400 dan ortiq jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ular umumiy jinoyatlarning 55 foizini tashkil etgan. Bu jinoyatlar oqibatida fuqarolarning 20 milliard so‘mdan ortiq mablag‘i talon-toroj qilingan.
Kiber jinoyatlarga qarshi kurashish maqsadida viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan “Xavfsiz internet yordamchi” telegram-boti ishga tushirildi. U orqali minglab zararli havolalar va ilovalar aniqlanib, zararsizlantirildi, aholining kiber savodxonligini oshirishga qaratilgan yuzlab tushuntirish materiallari tarqatildi. Natijada 450 dan ortiq kiber jinoyatning oldi olindi.
Viloyat prokurori murojaatida qonuniylikni ta’minlashda faqat davlat idoralari emas, balki keng jamoatchilikning ham faol ishtiroki hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlaydi. Fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, mulkka ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, ijtimoiy tarmoqlardagi aldov va yolg‘on va’dalarga ishonmaslik har bir insonning shaxsiy mas’uliyatidir.
“Agar barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, vohamizni jinoyatdan holi, tinch va xavfsiz hududga aylantirishga hissa qo‘shsak, bu yo‘lda albatta muvaffaqiyatga erishamiz”, – deya murojaat qiladi viloyat prokurori.
Bu murojaat har bir qashqadaryolikni befarq bo‘lmaslikka, qonuniylik va xavfsizlikni ta’minlashda faol ishtirok etishga chorlaydigan muhim da’vat sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA