Mamlakatimizda so‘nggi yillarda xotin-qizlarga munosabat tubdan o‘zgardi.
Mazkur masalaga uzoq vaqt yetarli e’tibor berilmagani bois,ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik kuchaygani sir emas. Buni so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalarida tazyiq va zo‘ravonliklarga uchragan xotin-qizlar borasida bot-bot tarqalayotgan xabarlardan ham bilish mumkin.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, shu yilning 15 apreliga qadar xotin-qizlardan 20 ga yaqin jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik, ruhiy tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Bunday holatlarning aksariyati Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Bosh prokuratura hisobotida 2020 yilda nomusga tegish holati 27,7 foizga ko‘paygani ma’lum qilingan. Bu, albatta, achinarli holat. Foiz hisobida ko‘rsatilgan ushbu raqamlar ortida nechta qizning singan taqdiri, toptalgan sha’ni va qadr-qimmati yotibdi.
O‘zA muxbiri Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ul Umida Abdullayeva bilan mamlakatimizda ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarning oldini olish borasida qilinayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.
– 2019 yil 2 sentyabrda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida” hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingan, – deydi Umida Abdullayeva. – Amaldagi qonunlarda zo‘ravonlikning 4 turi ko‘rsatilgan bo‘lib, ularning oldini olish maqsadida himoya orderi rasmiylashtirib berish amaliyoti joriy etildi. Himoya orderini rasmiylashtirish vakolati profilaktika inspektoriga berilgan.
Hududiy profilaktika inspektori aniqlangan yoki kelib tushgan barcha zo‘ravonlik holatini o‘rganib chiqib, 24 soat ichida himoya orderi berish chorasini ko‘radi. Himoya orderi 30 kun muddatga beriladi. Agar xavf shu muddat ichida bartaraf etilmasa, murojaatga asosan yana 30 kunga uzaytiriladi.
Himoya orderidan asosiy maqsad – zo‘ravonlik holatlariga barham berish va takroriy zo‘ravonlik yoki tazyiqning oldini olishdan iborat.
Mamlakatimizda himoya orderi berish amaliyoti “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 4 yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan fevral oyidan boshlandi. 2020 yilda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 14 ming 774 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi.
2021 yilning 4 oyi davomida esa himoya orderi olganlar soni 14 ming 165 nafarga yetdi. Buning natijasida 7 ming 141 ta oila yarashdi, 5 ming 431 ta nizo bartaraf etildi.
Himoya orderi, o‘z navbatida, oilalardagi zo‘ravonlik va tazyiq holatlarining oldini olishga xizmat qilmoqda. Himoya orderlari soni oshib borayotgani bu huquqiy madaniyat yuksalayotganidan dalolat beradi. Chunki xotin-qizlar endi yordam so‘rab murojaat etmoqda. Himoya orderi – bu yakka tartibdagi zo‘ravonlik profilaktikasi, degani.
– Ma’lumki, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi va uning hududlardagi markazlari tashkil etilgan.
– Joriy yilning 5 oyi davomida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga 205 nafar og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, oilaviy muammo va zo‘ravonlikka duch kelgan, shuningdek, o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lgan xotin-qizlar joylashtirildi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan bugungi kunda jinoyatchilikni “mahallabay” jilovlash va aholining muammoli qatlamlari bilan “Xavfsiz xonadon” va “Xavfsiz hovli” tizimi asosida “fuqarobay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Joylarda har bir oila va xonadondagi muhitni, shuningdek, huquqbuzarliklar sodir etilishiga ta’sir etuvchi ijtimoiy, infratuzilma va boshqa muammolarni o‘rganish hamda bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Mahallalardagi Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiyalarida ichki ishlar organlari oilaviy nizolar, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi janjallar, bola tarbiyasi bilan shug‘ullanmayotgan ota-onalar va boshqa masalalar bo‘yicha yuborgan 9 mingdan ortiq hujjat muhokama qilindi.
Pirovardida, 4 mingdan ortiq oila notinchligiga barham berildi, 2 mingga yaqin yosh oila ajralib ketishdan saqlab qolindi.
Oila-turmush munosabatlari doirasida huquqbuzarlik sodir etgan 3 ming nafar (805 nafari ayollar) kishiga yakka tartibdagi profilaktik tadbirlar amalga oshirildi.
– Ko‘pchilik zo‘ravonlik va tazyiqqa uchrayotgan ayollardan nega bu haqda tegishli tashkilotlarga murojaat qilmadingiz, deb so‘rasak, uyat va andisha qilganini yoki sukut saqlashni afzal bilganini aytishadi. Zo‘ravonlikni ana shunday tarzda oshkor etmaydigan opa-singillarimizga yordam berish tizimi mavjudmi?
– Ha, albatta. “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 30-moddasiga muvofiq jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatgan shaxs haqidagi ma’lumotlar qonun hujjatlari bilan himoya qilinishi aytilgan. Ma’lumotlarni oshkor etishga yo‘l qo‘ygan shaxs qonuniy javobgarlikka tortiladi.
Tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan hamda zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga doir ma’lumotlar sir saqlanadi. Shuningdek, zo‘ravonlik bo‘yicha xabar bergan shaxslarga tegishli ma’lumotlar ham oshkor etilmaydi.
Ichki ishlar organlarida “102” ,“1102” , Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tizimida “1146” qisqa raqami, “Ne molchi”, “Zo‘ravonlikka yo‘l yo‘q” kabi raqam, telegramm kanal va ijtimoiy tarmoqlar mavjud.
– “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 26-moddasida himoya orderi berish bilan birgalikda zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan cheklovlar ham belgilangan.
Himoya orderi amal qilgan davrda ushbu cheklovlarni buzganlik holatlari aniqlansa, MJtKning 206-1-moddasiga asosan javobgarlikka tortish nazarda tutilgan.
2021 yilning 4 oyi davomida sudlar tomonidan 383 nafar fuqaroga nisbatan ana shunday jazo choralari belgilandi.
–Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tahqirlash holati ko‘payayotgani sabablari nimada, deb o‘ylaysiz?
–Oilaviy zo‘ravonlikka uchragan ayollar aksariyat holatlarda yordam so‘ramay, oylar, yillar davomida sukut saqlashadi, kamsitish va kaltaklarga chidab yashashadi. Chunki bu haqda ochiq aytishsa, yordam yoki qo‘llab-quvvatlash o‘rniga atrofdagilar tomonidan qoralanadi. Zo‘ravonlikka uchragan ayolga, eng avvalo, yaqinlari tanbeh beradi yoki qoralaydi. Ota-onasi qizining ajrashmasligini, chidashini, uzoqni o‘ylab ish qilishi, sabrli bo‘lishini istaydi. “Sen ayolsan, chidashing kerak” yoki “Hammasi o‘tib ketadi”, “Ozgina chida, aqlli bo‘l” deyishadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda kuzatilayotgan xotin-qizlarga nisbatan samosud va boshqa holatlar ham qonunga zid hatti-harakatlar hisoblanadi. Albatta, har bir holat bo‘yicha qonuniy chora ko‘riladi. Zo‘ravonlik va noqonuniy hatti- harakatlarni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Jinoyatchi hech qachon jazosiz qolmaydi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA