Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Jinoyat zanjiri” to‘liq uzildi
11:20 / 2025-12-09

Prezidentimizning giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishga qaratilgan tegishli qarori ijrosi doirasida mamlakat bo‘ylab “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirining uchinchi bosqichi davom etmoqda.

Xususan, Toshkent viloyati IIBB va DXX viloyat boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan keng ko‘lamli tadbirda Farg‘ona viloyatidan poytaxtga katta miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini yetkazib, ularni sotish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. 

Toshkent tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, 1985 yili tug‘ilgan ayol nazoratdagi xaridorga kelishilgan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 750 ming so‘mga 13 yoshli qiz jiyani orqali yetkazib bergan vaqtida qo‘lga olindi. Tadbir davomida uning uyidan qiymati 20 million so‘mlik 162 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar topilib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi. 

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu ayolni dorilar bilan ta’minlab kelgan Toshkent shahrida yashovchi ikki shaxs ham 23 million so‘m evaziga 278 dona shu turdagi dorilarni sotgan vaqtida qo‘lga olindi. Ular avtomashinasi va yashash xonadonida 67 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi saqlab kelayotgani aniqlanib, hujjatlashtirildi. 

“Jinoyat zanjiri”ni to‘liq uzish maqsadida tezkor tadbir Farg‘ona viloyatida davom ettirilib, dang‘aralik 39 yoshli ayol hamda qo‘qonlik 35 va 39 yoshli ikki erkak 738 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni 44 million so‘m evaziga shartli xaridorga sotgan vaqtida qo‘lga olindi. 

Toshkent viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan mazkur tezkor-qidiruv tadbiri natijasida, umumiy qiymati 150 million so‘mlik 1 ming 343 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi musodara qilinib, minglab fuqaroning mazkur dorilardan zararlanishi va dorilarga qaram bo‘lib qolishining oldi olindi. 

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 6 nafar gumonlanuvchiga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari davom etmoqda. 

A.Musayev, O‘zA.