Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jinoyat uchun javobgarlik va jazodan ozod etish mumkinmi?
10:04 / 2023-01-13

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida so‘nggi yillarda sud-huquq tizimida adolat o‘rnatish bo‘yicha ko‘p ish qilingani qayd etilib, odil sudlovni ta’minlash yuzasidan galdagi vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Adolatli hukm va qaror chiqarish uchun viloyat sudlarining vakolati ham, mas’uliyati ham oshirilishi ta’kidlandi.

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish jarayonida jinoyat uchun jazo tayinlashda shaxsning xulq-atvori, uning qilmishni sodir etishdagi o‘rni va rolini o‘rganishda sudyalarning mas’uliyati yanada oshirildi. Jinoyat uchun javobgarlik va jazodan ozod qilish ham qonunning rivojlanishi va shaxsning o‘z xatti-harakati natijasida yuzaga keladigan huquqiy jarayon bo‘lib, jinoyat uchun javobgarlik va jazodan ozod etishda bir qancha o‘zgarishlar yuz berdi.  

Sud amaliyotida javobgarlikdan ozod qilishning bir qator turlari belgilangan. Jumladan, javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketgani munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin. Bunda javobgarlikka tortish muddati jinoyat sodir etilgan kundan boshlab hukm qonuniy kuchga kirgan kungacha hisoblanadigan javobgarlikka tortish muddati tushuniladi. Qilmish yoki shaxs ijtimoiy xavfliligini yo‘qotgani munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish, ya’ni jinoyat ishini tergov qilish yoki sudda ko‘rish vaqtida sharoit o‘zgargani tufayli sodir etilgan qilmish o‘zining ijtimoiy xavfliligini yo‘qotgan deb topilsa, jinoyat sodir etgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lgani munosabati bilan  yoki yarashilgani munosabati bilan ham javobgarlikdan ozod qilinishi belgilangan. Kasallik tufayli ozod etilishda agar jinoyat sodir etgan shaxsda hukm chiqarilguniga qadar o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan tarzda ruhiy holatning buzilishi yuzaga kelgan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod qilinishi, bunday shaxslarga nisbatan esa sud tomonidan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.  Shuningdek, amnistiya akti asosida javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.  

Xususan, Surxondaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan o‘tgan 2022 yil davomida 46 ta ko‘rib tamomlangan jinoyat ishi yuzasidan jami 78 nafar shaxs javobgarlikdan ozod etildi.  

Jazodan ozod qilish – bu davlatning jinoyat sodir etgani uchun sudlangan shaxsga jinoyat qonunchiligida nazarda tutilgan asoslar va shartlar mavjud bo‘lgan holda jazoni tayinlashdan yoki jazoni ijro etishdan voz kechishidir. Jinoyat kodeksining XIII bobida jazodan ozod qilishning har xil turlari nazarda tutilgan. Jazodan ozod qilishning ushbu turlari shartli yoki shartsiz tusga ega bo‘lishi mumkin. 

O‘tgan yilni tahlil qiladigan bo‘lsak, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda jazoni ijro etish muddati o‘tib ketgani, shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotishi, ya’ni bunda jinoyat sodir etgan shaxs agar ish sudda ko‘rilayotgan vaqtgacha sharoit o‘zgargani yoki shaxs namunali xulqi, mehnatga yoki o‘qishga halol munosabati bilan o‘zini ko‘rsatib, ijtimoiy xavfliligini yo‘qotdi deb e’tirof etgach, aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lgani, shartli hukm qilish, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish, amnistiya akti yoki afv etish munosabati bilan 2 ming 173 nafar shaxs jazodan ozod etildi.  

Inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyatiga aylanayotgan Yangi O‘zbekistonda odil sudlovni amalga oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi. Shunga muvofiq endilikda bilib-bilmay jinoyat sodir etib, jazoni o‘tash davrida o‘zining qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va mazkur jinoyatdan to‘g‘ri xulosa chiqargan shaxslar jazo hamda javobgarlikdan ozod etilmoqda. Shuningdek, sudlar amaliyotida shaxsning javobgarlik va jazodan ozod qilish uchun qonun normalarining rivojlanishi, shaxsning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvori, aybining shakli va darajasi, jinoyat qilish sharoiti va sabablariga ham e’tibor qaratilgan holda javobgarlik va jazodan ozod qilinib, jamiyatdan o‘z o‘rnini topishga yordam berilmoqda.  

Sud-huquq sohasida so‘nggi yillarda yuz berayotgan bunday yangilanishlar inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga, har bir inson qadrini ulug‘lab, ularning hayotdan rozi bo‘lib yashashiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasidir.  

B.Normurodov,  

Surxondaryo viloyat sudi sudya katta yordamchisi  

O‘zA