2025 yil 29 yanvarda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov qonunning muhim jihatlari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi nutqida keng ko‘lamli demokratik islohotlarimiz tufayli O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni yaxshilanib borayotgani qayd etildi. Mamlakatimiz reytingi qonun ustuvorligi bo‘yicha 8 pog‘ona, elektron hukumat bo‘yicha 18 pog‘ona, iqtisodiy erkinlik bo‘yicha 49 pog‘ona, logistika va innovatsiya bo‘yicha 10 pog‘ona yuqori ko‘tarildi.
Qonun ustuvorligi bo‘yicha reytingda mamlakatimiz o‘rni tobora yaxshilanib borayotgani sud-huquq sohasidagi izchil islohotlar natijasidir. Sud-tergov amaliyotida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud orqali ishonchli ta’minlash choralarini yanada kuchaytirishga qaratilgan ishlar buning mantiqiy davomidir.
Bu yo‘nalishda davlatimiz rahbarining 2024 yil 10 iyunda “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Unda jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud tomonidan ishonchli ta’minlash maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini joriy etish nazarda tutildi.
Shuningdek, tergov sudyasiga qator sanksiyalar va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati berildi. 2025 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar – tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi tartibi joriy etildi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, ishni sudga qadar yuritishda taraflar o‘z huquqlaridan to‘laqonli foydalanishlari va protsessual majburiyatlarini bajarishlari uchun bu jarayonda xolislik hamda beg‘arazlikni ta’minlash, shuningdek, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish sifatini oshirish uchun mazkur qonunni qabul qilish zarurati mavjud edi.
Zero, sud mustaqilligini ta’minlashga oid xalqaro hujjatlar va milliy qonunchiligimizga ko‘ra, sudya odil sudlovni amalga oshirayotganda sud protsessi barcha ishtirokchilarining protsessual huquqlarini hurmat qilgan holda, har qanday bevosita yoki bilvosita tashqi ta’sirlar, niyatlar, bosim yoki aralashishlardan qat’i nazar, mustaqil harakat qilishi, faqat faktlarni baholashdan kelib chiqishi va ichki ishonchiga asoslanib, qonunga va huquqiy ongiga amal qilishi shart.
Shu maqsadda davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari sudyalarni majburlash yoki ularni muayyan qarorlar chiqarishga og‘dirish yo‘lida bosim ko‘rsatishdan tiyilishlari kerak.
Statistik raqamlarga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2023 yilda jami 32 mingdan ortiq sanksiya va majburlov chorasini qo‘llash bo‘yicha materiallar ko‘rib chiqilgan. Bundan tashqari, ushbu sudlar tomonidan 2023 yil davomida jami 600 mingdan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar mazmunan ko‘rib hal etilgan.
Qonun bilan Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga va “Prokuratura to‘g‘risida” hamda “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ya’ni, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini joriy etish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish, shuningdek, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarining tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqish, tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlash to‘g‘risida prokuror tomonidan sudga iltimosnoma kiritish, tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvini eshitish va mulkni xatlashga ruxsat berish vakolatini prokurorlardan tergov sudyalariga o‘tkazish qonunchilikda aks ettirildi.
Qonunni ishlab chiqish jarayonida tashabbuskorlar tomonidan bir qator xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilib, tahlil qilindi hamda inobatga olindi.
Qonun ishni sudga qadar yuritishda taraflar tengligi va tortishuv prinsipining ta’minlanishi, himoyachi huquqlarining kengayishi hamda ayblov va himoya tarafi faoliyati ustidan xolis sud nazoratining amalga oshirilishiga yanada qulay sharoit yaratdi. “Xabeas korpus” institutini amaliyotga yanada kengroq joriy etish imkoniyatlari vujudga keldi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA