Davlatimiz rahbarining “Kriminologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Prezident farmoni bilan tashkil etilgan Kriminologiya tadqiqot institutining kriminologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.
Xususan, institut jinoyatchilik, shu jumladan, latent jinoyatchilik tendensiyalarini tizimli ravishda tahlil va prognoz qilish, salbiy tendensiyalarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.
Jinoyatning asl omillarini kompleks ilmiy diagnoz asosida aniqlab, kriminologik faoliyatga sun’iy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etib boradi.
Institut kriminologiya sohasi bo‘yicha tayanch ilmiy tashkilot hisoblanadi hamda kriminologik faoliyatni ekspertlik va ilmiy ta’minlash ishlarini vakolati doirasida muvofiqlashtiradi.
Institutning ilmiy tarkib lavozimlari yuridik, psixologiya, sotsiologiya, pedagogika, texnika, iqtisodiyot, tibbiyot va geografiya sohalari bo‘yicha ilmiy darajaga ega bo‘lgan kadrlar bilan jamlanadi.
Institutga ilmiy-amaliy tadqiqotlar jarayoniga shartnoma asosida, shu jumladan, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalaridan yuqori ilmiy-tahliliy mahoratga ega mutaxassislarni bir yilgacha muddatga jalb etish va mehnat bozori kon’yunkturasini inobatga olgan holda ularning mehnatiga haq to‘lash miqdorini belgilash huquqi beriladi.
2024 yil 1 iyulgacha ilmiy diagnoz asosida jinoyatchilik omillarini aniqlash mexanizmlarini nazarda tutgan holda “E-jamoat havfsizligi” yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining “Jinoyat omillari” moduli yaratiladi.
N.Abduraimova, O‘zA