O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i, polkovnik,yuridik fanlar doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Mirzayusup Xakimovich Rustambayevning “Jinoyat kodeksiga sharhlar” uch qismdan iborat kitobining 6 nashri taqdimoti o‘tkazildi.
Aholini qonunchilikning mazmun-mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida xabardor qilishning sifatini tubdan oshirish, davlat organlari va tashkilotlarning huquqiy axborotdan keng ko‘lamda foydalanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, professor Mirzayusup Xakimovich Rustambayevning “Jinoyat kodeksiga sharhlar” nomli uch qismdan iborat kitobining 6 nashri chop etildi. Ushbu yangi nashr O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga 2025 yil 1 sentyabrga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni inobatga olgan holda tayyorlangan. Unda amaldagi qonun hujjatlari, tergov va sud amaliyoti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qarorlari asosida jinoyat huquqining umumiy va maxsus qismi masalalari yoritilgan. Yangilik o‘rnida aytish mumkinki, kitobdagi QR-kodlar orqali moddalar sharhida berilgan normativ hujjatlar matni bilan tanishishingiz mumkin.
Yangi nashrda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar jinoyat-huquqiy munosabatlarning zamonaviy talablariga mos ravishda takomillashtirilganini ko‘rsatadi. Jazoni almashtirish, ozodlikni cheklash va shartli ozod qilish kabi institutlar aniq huquqiy mezonlar bilan boyitilib, ularning qo‘llanish amaliyotida aniqlik va barqarorlik ta’minlandi. Shuningdek, foydali qazilmalarni ruxsatsiz qazib olish, sport sohasida korrupsiya, internet orqali giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, odam savdosi kabi ijtimoiy xavfli qilmishlar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Shu bilan birga, intellektual mulk sohasida huquqiy tartibga solish tizimi soddalashtirilib, huquqlarni buzganlik uchun jazo choralari kuchaytirildi, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yopiq sud majlisi ma’lumotlarini oshkor etmaslik kabi o‘zgartirishlar sharhlab berildi. Ushbu o‘zgarishlar milliy jinoyat qonunchiligining insonparvarlik, adolat va huquqiy aniqlik tamoyillarini yanada chuqurroq ifoda etib, jinoyat-huquqiy siyosatni demokratik islohotlar yo‘nalishiga muvofiq ravishda yangiladi.
2004 yilda ilk bor nashr etilgan “Jinoyat kodeksiga sharhlar” kitobi 20 yildan ortiq vaqt davomida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, sudyalar, advokatlar, tadqiqotchilar, Bosh prokuratura Akademiyasi tinglovchilari, Oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursant va tinglovchilariga hamda oliy ta’lim muassasalarining o‘qituvchi, talabalari, shuningdek, jinoyat huquqi va qonunchiligi bilan qiziquvchi keng kitobxonlar uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6OOuV1B49es" title="“Jinoyat kodeksiga sharhlar” kitobining taqdimoti o‘tkazildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA