Buxoro viloyati huquq-tartibot idoralari tomonidan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, “O‘ztransgaz” AJning Kogon magistral gaz quvurlari boshqarmasi “Buxoro plastik” QK, “Sarapul avtogaz”, “Delta avtogaz”, “Asl metan gaz”, “Dildora”, “Dildora-2”, “Navro‘zov Murodjon”, “Temur Iskandariy” MCHJlarga “Vobkent” gaz taqsimlash stansiyadagi sanoat gaz tarmog‘i orqali tabiiy gaz yetkazib berish xizmatini ko‘rsatib kelgan.
Ma’lum bo‘lishicha, gaz tarmog‘i orqali yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmini nazorat tartibida o‘lchash uchun qo‘yilgan A14FB214-raqamli “Autopilot PRO” rusumli gazni hisoblash priborining dasturiy tizim xotirasiga quvur diametrini toraytiruvchi qurilma (diafragma) o‘rnatilgan. Quvurning ushbu diafragma o‘rnatiladigan qismiga oxirgi marta 2022 yil 19 dekabrda 00049540, 0002750-raqamli bir martalik nazorat tamg‘alari o‘rnatilib, xatlovdan o‘tkazish dalolatnomasi tuzilgan.
2023 yil 23 yanvarda “Hududgaz Buxoro” GTF, “O‘zMMI” DM Buxoro filiali va Kogon MGQB vakillari ishtirokidagi o‘rganishlar davomida aniqlanishicha, “Vobkent” GTS sanoat gaz tarmog‘i tekshirilganida quvurning diafragma o‘rnatiladigan qismidagi bir martalik tamg‘alarga tashqi ta’sir ko‘rsatilgan. Quvurga qayd etilgan diafragma o‘rniga boshqa o‘lchamdagi diafragma o‘rnatilgan. Ya’ni gazni hisoblash priboriga tashqi ta’sir ko‘rsatilgan bo‘lib, hisoblagichdan o‘tgan tabiiy gaz sarfi kamaytirib ko‘rsatilishiga erishilgan va hisobdan o‘tmagan tabiiy gaz talon-toroj qilingani aniqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori 2-ilovasidagi “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 125-bandi “g” kichik bandiga asosan Kogon MGQB mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA