Huquqiy munosabat
Odatda biz “jinoyat huquqi” degan iborani mutlaqo tabiiy, o‘zgarmas tushuncha sifatida qabul qilamiz. Jinoyat bo‘lsa — jinoyat huquqi bor, degan mantiq o‘z-o‘zidan tushunarli tuyuladi. Ammo huquqshunoslik nuqtai nazaridan qaralganda, bu atama ortida jiddiy mantiqiy va doktrinal muammo yashiringan.
Savol oddiy: jinoyat huquqi nimani tartibga soladi — jinoyatmi yoki jazomi?
Toshkent davlat yuridik universiteti Tadqiqot markazi kichik ilmiy xodimi Javohir Eshonqulov bu borada quyidagicha tushuncha berdi:
– Agar chuqurroq qarasak, jinoyat huquqi jinoyatning o‘zini “huquq” sifatida o‘rganmaydi. Jinoyat — bu huquqqa zid xatti-harakat. Huquq esa bunday xatti-harakatga davlat qanday munosabat bildirishi, qachon va qanday jazolashi mumkinligini belgilaydi. Demak, mazmunan bu soha jinoyat haqida emas, jazo haqida.
Huquq so‘zi mazmunan ruxsat, vakolat va adolat tushunchalarini ifodalaydi.
Huquq jinoyatni emas, unga bo‘lgan davlat munosabatini — ya’ni jazolash vakolatini tartibga soladi.
Shu bois, Yevropaning ko‘plab davlatlarida bu huquq sohasi bevosita jazo bilan nomlanadi. Masalan, Germaniyada u Strafrecht (so‘zma-so‘z: jazo huquqi), Fransiyada droit penal, Turkiyada esa Cyeza Hukuku deb ataladi. Bu tillarda markazda “jinoyat” emas, balki jazo tushunchasi turadi.
Bu oddiy tarjima masalasi emas. Terminologiya huquqiy tafakkurni shakllantiradi. Agar huquq sohasi “jinoyat huquqi” deb atalaversa, e’tibor jinoyatni topish, tasniflash va jazolashga qaratiladi. Agar u “jazo huquqi” deb tushunilsa, asosiy savol boshqacha bo‘ladi: davlat qachon, qay darajada va qaysi chegaralarda jazolashi mumkin?
Zamonaviy huquqiy davlatlar aynan shu savolni markazga qo‘yadi. Germaniya va Fransiya huquqida jinoyat huquqi davlatning jazolash vakolatini cheklovchi mexanizm sifatida qaraladi. Jazo — oxirgi chora (ultima ratio). Sud jazoni avtomatik tarzda emas, balki shaxsning aybi, holati, ijtimoiy xavfliligi va muqobil choralar mavjudligini hisobga olib belgilaydi.
Bu yerda yana bir muhim tushuncha paydo bo‘ladi — sud diskretsiyasi. Ya’ni sudning qonun doirasida, lekin ishning individual holatlariga qarab jazo tanlash vakolati. Diskretsiya o‘zboshimchalik emas; aksincha, u jazoning adolatli va mutanosib bo‘lishini ta’minlaydigan huquqiy vosita.
O‘zbekiston tajribasida esa vaziyat biroz murakkabroq. Qonunchilikda sud diskretsiyasi, yengillashtiruvchi holatlar, jazodan ozod qilish kabi institutlar mavjud. Biroq amaliyotda ular har doim ham barqaror va tizimli ishlamaydi. Natijada jazolash ko‘pincha jinoyat tarkibiga “mahkam bog‘lanib”, shaxsiy va ijtimoiy omillar yetarlicha inobatga olinmasligi mumkin.
Shu nuqtada terminologiya yana muhim rol o‘ynaydi. “Jinoyat huquqi” atamasi ongimizda jazoni emas, jinoyatni markazga qo‘yadi. Bu esa huquqni cheklovchi emas, ko‘proq repressiv vosita sifatida idrok etilishiga zamin yaratadi.
Demak, “jazo huquqi” tushunchasini muhokamaga olib chiqish jinoyatlarni oqlash yoki jazoni yumshatish degani emas. Aksincha, bu jazolash vakolatini huquqiy davlat talablariga mos ravishda tartibga solish, adolat va mutanosiblikni kuchaytirish demakdir.
Bugungi kunda Germaniya, Fransiya va Turkiya tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, huquq sohasi nomlanishining o‘ziyoq jinoyat siyosatiga ta’sir qiladi. Shu sababli O‘zbekistonda ham “jinoyat huquqi” atamasini doktrinal jihatdan qayta ko‘rib chiqish, kamida uni “jazo huquqi” konsepsiyasi bilan birga talqin qilish masalasi dolzarb bo‘lib bormoqda.
Xulosa qilib aytganda, savol shunchaki so‘zlar haqida emas. Bu savol — davlat jazolashda qanchalik cheklangan bo‘lishi kerak, sud qanchalik mas’uliyat bilan qaror qabul qilishi lozim, va inson huquqlari jinoyat siyosatining qaysi nuqtasida turishi kerak degan fundamental masalalarga borib taqaladi.
Ba’zan huquqiy islohotlar kodeksni emas, terminni qayta o‘ylashdan boshlanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA