French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jinoiy ravishda homila tushirganlik (abort) uchun qanday javobgarlik belgilangan?
11:08 / 2021-12-31

Jinoyat qonunchiligining samarali tizimini yaratish davlatning qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash, inson huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlari, tinchlik va xavfsizlikni ishonchli himoya qilish bo‘yicha ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida teng ekanligi, 46-moddasida esa, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqli ekanligi belgilab qo‘yilgan. Bu esa, ayollar va erkaklarning huquq va erkinliklari teng ravishda qonun bilan himoya qilinishini anglatadi. Mazkur huquqlarning buzilishi o‘z navbatida tegishli normalar bo‘yicha ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

O‘zbekiston Respublikasi JKning 114-moddasida jinoiy ravishda homila tushirganlik (abort) va 115-moddasida ayolni o‘z homilasini sun’iy ravishda tushirishga majburlash jinoyatlarida faqatgina ayollar jabrlanuvchi ekanligini va qonun chiqaruvchi ayollarning hayoti yoki sog‘ligi xavfsizligini ta’minlash maqsadida jinoiy javobgarlik belgilab qo‘yganligini ko‘rish mumkin.

Statistika ma’lumotlarga ko‘ra, 2015 yilda JK 114-moddasi bilan 29 nafar shaxsga nisbatan 20 ta ish ko‘rib chiqilib, 21 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlangan. Xuddi shunday 2016 yilda 17 nafar shaxsga nisbatan 10 ta ish ko‘rib chiqilib, 14 nafar shaxsga nisbatan, 2017 yilda 12 nafar shaxsga nisbatan 11 ta ish ko‘rib chiqilib, 7 nafar shaxsga nisbatan, 2018 yilda 26 nafar shaxsga nisbatan 11 ta ish ko‘rib chiqilib, 25 nafar shaxsga nisbatan, 2019 yilda 6 nafar shaxsga nisbatan 6 ta ish ko‘rib chiqilib, 6 nafar shaxsga nisbatan, 2020 yilda 3 nafar shaxsga nisbatan 3 ta ish ko‘rib chiqilib, 3 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlangan.

JKning 114-moddasi uchta qismdan iborat bo‘lib, moddaning birinchi qismida shifokor akusher yoki ginekolog tomonidan davolash muassasalaridan tashqari joylarda yoki tibbiy nuqtai nazardan mumkin bo‘lmagan holda sun’iy ravishda homila tushirganlik uchun javobgarlik belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2020 yil 12 iyundagi 124-son buyrug‘iga asosan tasdiqlagan «Homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning ikkinchi bandiga muvofiq, homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatish akusherlik-ginekologik muassasa tomonidan er va xotinning yozma roziligi bilan, er bo‘lmagan taqdirda ayolning o‘z roziligi yoki ota-onasining roziligi yoxud u voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz bo‘lgan taqdirda boshqa qonuniy vakillarining homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatishni qo‘llash bo‘yicha ixtiyoriy rozilik arizasiga asosan amalga oshiriladi.

Ayol homiladorligini sun’iy ravishda to‘xtatish yashash manzili yoki doimiy yashash joyi yohud vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan akusherlik-ginekologik muassasasida amalga oshiriladi.

Tibbiy muassasadan tashqari joyda homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatish, sun’iy ravishda homilani tushirish tibbiy nuqtai nazardan mumkin bo‘lgan hollarda ham jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatish homiladorlikning muddati va homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatish usuliga ko‘ra ambulator yoki statsionar sharoitda o‘tkaziladi.

Homiladorlikning o‘n ikki haftagacha bo‘lgan muddatida homiladorlikni sun’iy ravishda dori vositalari bilan to‘xtatish birlamchi ambulator-poliklinikada, jarrohlik usuli bilan to‘xtatish akusherlik-ginekologik muassasa qoshidagi ambulator-poliklinikada ambulator sharoitda amalga oshiriladi.

Homilador ayolda yuqori xavfli yondosh kasalliklar yoki homilador ayolning hayotiga xavf soluvchi tibbiy ko‘rsatmalar bo‘lganda homiladorlikning o‘n ikki haftagacha bo‘lgan muddatida homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatish qanday usulda bo‘lishidan qat’i nazar, tibbiyot muassasasining ginekologiya bo‘limida statsionar sharoitda amalga oshiriladi.

Homiladorlikning o‘n ikki haftadan yigirma ikki haftagacha bo‘lgan muddatida homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatish qanday usulda bo‘lishidan qat’i nazar tibbiyot muassasasining ginekologiya bo‘limida, homiladorlikning yigirma ikki haftadan keyingi muddatlarida homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatish qanday usulda bo‘lishidan qat’i nazar tibbiyot muassasasining akusherlik bo‘limida statsionar sharoitda amalga oshiriladi.

Homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatishga quyidagi holatlar mavjud bo‘lsa yo‘l qo‘yilmaydi:

a) og‘ir yoki o‘rtacha og‘ir kechadigan so‘zak, jinsiy a’zolarning yallig‘lanish jarayonlari, joylashgan joyidan qat’i nazar yiring o‘choqlari, og‘ir kechadigan yuqumli kasalliklar va boshqa shu singarilar mavjudligida;

b) homilaning 12 haftalikdan katta ekanligida;

v) avvalgi abortdan keyin 6 oy o‘tmasdan abort qildirish, shuningdek abortni amalga oshirishga doir yo‘riqnomada nazarda tutilgan boshqa holatlarda tibbiy nuqtai nazardan abort mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga muvofiq, homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatishga huquqi bo‘lmagan shaxs bunday ishni amalga oshirsa, qilmish JKning 114-moddasi 2-qism bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi.

Homiladorlikni sun’iy ravishda to‘xtatishga huquqi bo‘lmagan shaxslarga quyidagilar kiradi:

akusher ginekologlardan tashqari barcha toifadagi shifokorlar (terapevt, stomatolog, pediatr, xirurg, kardiolog va hokazolar)

o‘rta tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar (akusher, tibbiyot hamshirasi va hokazolar)

tibbiyot muassasasiga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan har qanday boshqa shaxslar.

Sun’iy ravishda homila tushirish usullari, jinoyatni sodir etish motiv va maqsadlari har xil bo‘lishi mumkin, ammo bu jinoyatni kvalifikatsiya qilishga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Homilasini o‘zi sun’iy ravishda tushirgan yoki o‘zgalar yordamida jinoiy ravishda tushirtirgan ayol jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.

Jinoiy ravishda homila tushirish natijasida jabrlanuvchining o‘limi yuz bersa, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Azizaxon Allanova,  Feruzbek Xudoyqulov