Buxoroda tovlamachilik bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Buxoro viloyati IIB JQB hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, fuqaro R.J. ismli shaxs jinoiy sherigi Sh.B. bilan oldindan jinoiy til biriktirib jinoiy guruh tuzishadi. Buxoro shahar G‘ijduvon ko‘chasida joylashgan “Karvon” avtoshoh bekatida 2022 yil may oyidan hozirgi kunga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida shu bekatda kirakashlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarga tahdid qilib noqonuniy pul to‘lovlarini to‘lashga majbur qilishadi. 15 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha miqdoridagi to‘lovlarni tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, to‘lovni amalga oshirmagan kirakashlarning faoliyatiga qarshilik ko‘rsatgan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro R.J. va Sh.B. larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA