Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jinoiy guruh qo‘lga olindi
12:30 / 2022-03-13

Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlarda ko‘plab o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir qilgan jinoiy guruh kirdikorlari fosh etildi.

Buxoro viloyati Ichki ishlar organlari tomonidan viloyat hududida jamoat tartibini saqlash, xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarimizning hayoti va mol-mulkini jinoiy tajovuzlardan saqlash borasida keng qamrovli qidiruv, profilaktik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

 

Viloyat hududida joriy yilning 2 oyi davomida 77 ta o‘g‘rilik jinoyati sodir etilgan. Ochilmay qolgan jinoyatlarni fosh etish choralari ko‘rilmoqda.

 

Buxoro viloyatining Qorako‘l, Olot, Romitan, Vobkent, Peshku va Kogon tumanlari hududida sodir bo‘layotgan suv tortish nasosi va transformator o‘g‘riliklarini fosh etish maqsadida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu turdagi o‘g‘riliklarni sodir etib kelayotgan jinoiy guruh fosh etildi.

 

Jumladan, Kogon tumani “Kogon” mahallasida joylashgan fuqaro G‘.A. ga qarashli fermer xo‘jaligi dala maydonidan bir dona bahosi 11 mln. 500 ming so‘mlik dala maydonlarini tomchilatib sug‘orishga mo‘ljallangan transformatorni noma’lum shaxslar o‘g‘rilab voqea joyidan yashiringanligi holati yuzasidan olib borilgan tezkor-tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslar qo‘lga olindi.

 

Aniqlanishicha, ushbu jinoyatning tashkilotchisi 1995 yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba o‘g‘rilik jinoyati bilan sudlangan, Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi fuqaro D.A. jinoiy sherigi, hamqishlog‘i 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro S.A. va 1995 yilda tug‘ilgan yana bir pastdarg‘omlik fuqaro T.O‘. bilan oldindan jinoiy til biriktirgan.

 

Jinoiy guruh a’zolari bilan olib borilgan tezkor surishtiruv davomida jinoiy guruh tashkilotchisi fuqaro D.A. Buxoro viloyatining Qorako‘l, Olot, Romitan, Vobkent, Peshku va Kogon tumanlari hududidan suv tortish nasosi (elektrodvigatel) va transformatorlarni o‘g‘rilab, bu buyumlarni 1976 yilda Samarqandning Oqdaryo tumanida yashovchi fuqaro R.Sh.ning yuk avtomashinasini buyurtma qilgan holda viloyatdan olib chiqib ketgan. Ularni Toshkent shahar Yashnobod tumanida yashovchi 1978 yilda tug‘ilgan fuqaro S.D.ga sotganligi aniqlanib, ashyoviy dalillar xolislar ishtirokida olindi.

 

Shuningdek, sotib oluvchi fuqaro S.D. bilan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida ushbu jinoiy guruh a’zolari tomonidan unga sotish uchun berilgan yana bir nechta suv nasoslari gumon qilinib olib qo‘yildi.

 

Jinoiy guruh a’zolari ijaraga olgan Kogon tumani Hukumatobod mahallasi Sabiyon qishlog‘idagi uy ko‘zdan kechirilganda, viloyatning Romitan va Qorako‘l tumanlari hududidan o‘g‘rilangan 3 ta tomchilatib sug‘orish qurilmalari dvigatellari ham hujjatlashtirib olindi.

 

Jinoiy guruh tomonidan Peshku tumanining Afshona qishlog‘idagi qabriston yonidan o‘g‘rilab ketilgan 5 dona dvigatelni Toshkent shahrida yashovchi fuqaro S.ga sotib yuborilganligi aniqlangan. Hozirda daliliy ashyolarni hujjatlashtirib olish choralari ko‘rilmoqda.

 

Jinoiy guruh a’zolarining Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida sodir qilgan 10 ga yaqin o‘g‘rilik jinoyatlari to‘g‘risida tezkor ma’lumotlar olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Aniqlangan holatlar tegishli tartibda qayd etilib, Kogon tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchilarga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA