Toshkent viloyati IIBB Giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilayotgan tezkor tadbir davomida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Chirchiq shahri hududida tashkil qilingan tezkor tadbirda 1997 yili tug‘ilgan fuqaro Sh.A. xaridorga 19 dona “Zardeks” dori vositasini 1 million 200 ming so‘mga sotgan vaqtida qo‘lga olindi. Uning yonida sotish maqsadida saqlanayotgan 5 dona shu turdagi dori vositasi borligi aniqlanib, hujjatlashtirildi. Ushlangan shaxs bilan o‘tkazilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu dori vositasini Azamat ismli tanishidan olgani aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi. Oradan ko‘p o‘tmay 1985 yili tug‘ilgan Azamat xaridorga 6 million so‘m evaziga 110 dona “Zardeks” dori vositasini sotgan vaqtida qo‘lga olindi. Uning yashash manzilidan 100 dona shu nomadagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi daliliy ashyo sifatida olindi. To‘rt kun davomida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi 3 nafar shaxsdan iborat jinoiy guruh ushlandi. Ulardagi narxi 200 million so‘mga teng bo‘lgan psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari muomaladan olindi. Ayni kunlarda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha Toshkent viloyatida “Dolzarb 40 kunlik” profilaktik tadbirlari davom etmoqda.


A.Musayev,O‘zA.