Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
JIDU va Britaniya Kengashi hamkorlikni kengaytiradi
20:15 / 2023-07-26

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “IELTS” ro‘yxatga olish markazi ochiladi. Shu to‘g‘ridagi bitimni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, oliy o‘quv yurti rektori Sodiq Safoyev va Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Deniz Voddingxem imzoladi.

Tadbirda S.Safoyev mamlakatimizda ingliz tilini o‘rganishga qiziquvchilar juda ko‘pligini ta’kidlar ekan, bu borada yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlarga ham alohida e’tibor qaratdi.

– O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganish jarayonida ingliz tili ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib, turli sohalarda kasbiy o‘sish uchun keng istiqbol ochadi, – deya ta’kidladi u.

O‘z navbatida, Deniz Voddingxem JIDU rahbariyatiga ta’lim loyihalarini, jumladan, Britaniya Kengashini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik izhor etdi.

– Biz Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti imkoniyatlarini yuqori baholaymiz va ochilayotgan “IELTS” ro‘yxatga olish markazi muvaffaqiyatli faoliyat olib borishiga ishonamiz, – dedi u.

Imzolangan kelishuvga muvofiq, JIDU Britaniya Kengashining “IELTS” hamkorlik dasturi a’zosi maqomini oladi. Sheriklik doirasida universitet xodimlarini o‘qitish, ingliz tilini o‘rganuvchilar uchun video qo‘llanma, onlayn kurs, amaliy test va mobil ilovalar kabi bepul raqamli resurslar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

B.Hasanov, O‘zA