Jidda shahrida “Haj – 2019” mavsumiga bagʻishlangan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi
15-avgust kuni Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri, doktor Muhammad Solih bin Tohir Bintin boshchiligida Jidda shahrida “Haj – 2019” mavsumiga bagʻishlangan anʼanaviy taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
“Haj – 2019” kundaligi
15-avgust kuni Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri, doktor Muhammad Solih bin Tohir Bintin boshchiligida Jidda shahrida “Haj – 2019” mavsumiga bagʻishlangan anʼanaviy taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Anjumanda mavsum davomida jonbozlik koʻrsatgan barcha vazirlik va idoralar, hojilarga xizmat koʻrsatgan shirkat rahbarlari, xususan, Oʻzbekiston “Haj – 2019” ishchi guruhi raisi J.Akramov qatnashdi.
Taqdirlash marosimi Muhammad Solih bin Tohir Bintinning kirish soʻzi bilan ochildi.
Dastlab Haj va Umra vaziri barchani joriy haj mavsumining muvaffaqiyatli oʻtgani bilan qutlab, shunday dedi: “Haj va Umra vazirligining maqsadi – ziyoratchilarning roziligini olish, ularga xizmat koʻrsatish hamda xizmatlar sifatini yildan-yilga yaxshilash. Mavsum endigina tugagan boʻlsa-da, bu yilgi mavsumdan kelib chiqib, kelgusi mavsumga tayyorgarlik koʻrishni allaqachon boshlab yubordik. Vazirlik mavsum davomida ziyoratchilar bilan yashaydi, ularning xizmatida boʻladi. Qachon biz ularning xursandchiligini koʻrsak, mamnun boʻlamiz, ishimizdan koʻnglimiz toʻladi”.
Oʻz navbatida, vazir haj va umra tadbirlarida ziyoratchilarga xizmat koʻrsatish va qulaylik yaratish sifatini oshirish haqida toʻxtalib shunday dedi: “Biz ziyoratchilarning har bir qadamini osonlashtirish, amallarni bajarishda joydan-joyga koʻchish, turar joy va boshqa harakatlariga jiddiy eʼtibor beramiz, monitoring qilib boramiz va shunga qarab yangi tashabbuslarni kiritamiz. Bu esa oʻzining ijobiy samarasini berayapti”.
Taqdirlash marosimida soʻzga chiqqanlar bu yilgi haj mavsumini xavfsiz, osoyishta va tartibli oʻtishi boʻyicha joriy etilgan ulkan loyihalar va tashabbuslar uchun Saudiya hukumatiga minnatdorlik bildirdi.
Tadbir yakunida vazirlik va idoralar hamda hojilarga xizmat koʻrsatgan shirkatlar Haj va Umra vazirligining esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Matbuot xizmati.