Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jidda forumi media sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shadi (+video)
15:58 / 2026-02-26

Saudiya Arabistoni Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti Axborot agentliklari ittifoqi (UNA-OIC) va Jahon Islom uyushmasi (MWL) hamkorligida “Ramazon muloqoti” doirasida qator tadbirlar tashkil etildi.Yig‘ilishlarda asosiy e’tibor axborot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, umumiy media nufuzini oshirish hamda kasbiy standart asosida faoliyat yuritish ko‘nikmasini oshirishga qaratildi.

Anjuman doirasida o‘tkazilgan “Makka al-Mukarrama hujjati” kitobi taqdimotida bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va tinch-totuv yashash tamoyilini ilgari surish muhimligi ta’kidlandi. Mazkur asar Islom olami birdamligini kuchaytirishga munosib hissa qo‘shishi qayd etildi.

Forumda Jahon Islom uyushmasi bosh kotibi shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Isa, IHT Axborot agentliklari ittifoqi bosh direktori Muhammad bin Abdurabbu al-Yomiy, shuningdek qator davlatlar milliy axborot agentliklari rahbarlari va xalqaro media tuzilmalari vakillari qatnashdi.

Dastlab IHT Axborot agentliklari ittifoqi faoliyati bo‘yicha hisobot tinglandi. So‘ngra Falastin Milliy axborot agentligi (WAFA)ga media mahorati sohasidagi “Yona” mukofoti topshirildi. Ilk bor taqdim etilgan mazkur sovrin orqali hakamlar hay’ati g‘olib jamoaning tezkor, xolis va ishonchli axborot tarqatish, ayniqsa Falastin masalasini xalqaro media maydonda keng yoritish bo‘yicha faol harakatini e’tirof etdi.

Tadbir ishtirokchilari IHT Axborot agentliklari ittifoqi va Jahon Islom uyushmasi hamkorligida ishlab chiqilgan “Building Bridges Between Islamic Schools of Thought” (Islom mazhablari o‘rtasida ko‘prik qurish) hujjati qabul qilinganining ikki yilligi munosabati bilan tashkil qilingan maxsus yig‘inda ham qatnashdilar. Media kommunikatsiya, ijtimoiy birdamlik va tinchlik targ‘iboti mexanizmlari muhokama qilingan uchrashuvda kasb mahorati bilan bog‘liq yangi mukofot ta’sis etilgani ma’lum qilindi.

Umuman, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalar media mutaxassislari, jurnalistlar hamda milliy axborot agentliklari rahbarlarini birlashtirgan mazkur forum xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini berdi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/edleKK4GPBA" title="Jidda forumi media sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘zA