Tokio shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Prezidenti Akixiko Tanaka bilan uchrashib, qo‘shma loyihalar amalga oshirilishi va istiqboldagi rejalarni muhokama qildi.
Muloqot chog‘ida JICA O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga munosiyu hissa qo‘shayotgani hamda Taraqqiyotga ko‘maklashish rasmiy dasturi doirasida kompaniya bilan mustahkam hamkorlik olib borilayotgani qayd etildi. Mamlakatimizda loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun hozirgacha JICA ajratgan resurslar qiymati 1,5 milliard dollardan oshdi. Bundan tashqari 230 million dollar grant sifatida qo‘llab-quvvatlash uchun ajratildi. Agentlikning hozirgi investitsiya portfeli 3,8 milliard dollarlik 8 loyihani o‘z ichiga oladi. Ayni payt 850 million dollarlik 5 loyiha yuzasidan muhokamalar olib borilmoqda.
Tomonlar yuqoridagi loyihalarning har birini batafsil ko‘rib chiqib, rejani jadal amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldi. Ishlab chiqish bosqichidagi g‘oyalar ham har tomonlama tahlil qilindi. Chorvachilik, energetika va sog‘liqni saqlash sohalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston tomoni JICA kompaniyasining O‘zbekistonda energetika sohasi uchun mablag‘ ajratish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi xususiy sektorga investitsiya kiritish mexanizmini joriy qilish tashabbusini olqishladi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston davlat muassasalari uchun xodimlar malakasini oshirish imkonini beradigan Kadrlar tayyorlash uchun stipendiya ajratish loyihasi (JDS) doirasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatini ham muhokama qildilar.
Suhbat yakunida JICA bilan ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan kelgusi rejalar belgilandi.
O‘zA