Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari O‘zbekiston madaniy merosi agentligi rahbariyati bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida "Raqamli arxivlar yordamida Ipak yo‘li madaniy merosini saqlash loyihasi”ni amalga oshirish uchun grant yordami ko‘rsatish masalasi muhokama qilindi.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad – arxeologik kolleksiyalar va ashyolarni arxivlash uchun asbob-uskunalar bilan ta’minlash orqali O‘zbekistonning madaniy qadriyatlarini himoya qilish va saqlash salohiyatini kuchaytirishdan iborat. Ushbu loyiha doirasida MOKda raqamli kolleksiyalar va ma’lumotlarni saqlash uchun raqamli arxiv tizimi yaratiladi; Toshkentdagi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi va Termiz arxeologik muzeyida raqamli formatda arxivlanish va saqlash uchun aniq ob’ektlar tanlanadi.
Joriy yilning iyun oyi oxiriga qadar JICA ushbu loyihaga kiritilgan ob’ektlarni o‘rganish uchun o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida dastlabki kelishuvlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Loyiha O‘zbekistonga tashrif buyurgan “INTEM Consulting,Lnc” kompaniyasiga topshirilgan. Ushbu ishchi guruhga " INTEM Consulting,Lnc" kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili janob Shiga Vataru rahbarlik qilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA