Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) O‘zbekistondagi vakolatxonasining Ko‘ngillilar dasturi bo‘yicha koordinatori Yamaguchi Koji Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida bo‘ldi.
Dastlab mehmon universitet rektori Berdiyar Jollibekov bilan uchrashib, o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Muloqot chog‘ida tomonlar qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun tajriba almashish imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy bilim va ilg‘or tajribalarni ta’lim jarayoniga joriy etishda JICA volontyorlarining hissasi muhimligini ta’kidlashdi. Shuningdek, ekologiya, ta’lim, axborot texnologiyalari va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Universitet rektori Berdiyar Jollibekov Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti xalqaro hamkorlikka har doim ochiqligini, xorijiy mutaxassislar va volontyorlar bilan ishlash uchun zarur sharoitlar mavjudligini ta’kidlab, JICA bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi. O‘z navbatida, Yamaguchi Koji janoblari JICA tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar, xususan, Volontyorlar dasturining maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berib, kelgusida Qoraqalpoq davlat universiteti bilan uzoq muddatli va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan mamnun ekanligini ta’kidladi.
Ushbu uchrashuv Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, xalqaro ta’lim va ilmiy aloqalarni kengaytirish hamda mazkur oliy o‘quv yurtining faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyatga ega.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri