Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jeren Gyuven Gyures: O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yildi
11:20 / 2023-12-10

Gender zo‘ravonlik manziliy, ijtimoiy yoki iqtisodiy chegara bilmaydi. Rivojlanayotgan va hatto rivojlangan davlatlarda ham ushbu muammo mavjud. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 15 yoshdan oshgan har uchinchi ayol hayoti davomida kamida bir marta jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchrar ekan.

2014 yil BMT tomonidan xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etishga qaratilgan “UNiTE” tashabbusi e’lon qilingan. Har yili dunyo miqyosida, jumladan O‘zbekistonda ham 25 noyabrdan 10 dekabrgacha keng miqyosda “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” aksiyasi o‘tkaziladi. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi global kampaniya jahondagi 187 davlatda 6 mingdan ziyod tashkilot va 300 milliondan ko‘p kishini qamrab olgan.

Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar xususidaO‘zA muxbiri BMT Ayollar dasturining mamlakatimizdagi vakili Jeren Gyuven Gyures xonim bilan suhbatlashdi. –

– Gyures xonim, O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka chek qo‘yish borasida olib borilayotgan ishlarni qanday baholaysiz?

Gender tengligi va ayollar huquqini kengaytirish O‘zbekiston hukumati faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, buni barcha jabhada ko‘rish mumkin. Prezident Mirziyoyevning 2023 yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi faol ishtirokini ta’minlash masalasi dolzarbligi, ayollar va erkaklar o‘rtasidagi tenglikka erishish bo‘yicha tizimli ishlar juda muhimligini yana bir bor ta’kidladi. Ushbu sa’y-harakatlar doirasida mamlakatda so‘nggi yillarda 40 dan ortiq huquqiy hujjat ko‘rib chiqildi va qabul qilindi. Masalan, ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyat kafolati, ayollarni ta’qib va zo‘ravonlikdan himoya qilish, reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlardan tashqari, oilada ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni jinoiylashtirish muhim masala sifatida qaralmoqda.

Oila kodeksi 15-moddasiga nikohlanishning eng kam yoshini ayollar va erkaklar uchun 18 yosh qilib belgilovchi o‘zgarish kiritildi. 2019 yil umumxalq sayloviga ko‘rsatilgan xotin-qiz nomzodlar uchun kamida 30 foizlik kvota belgilanishi Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgarish bilan mustahkamlanishi ham katta yutuq. Bundan tashqari O‘zbekiston xalqaro miqyosda faollashmoqda. Noyabr oyida O‘zbekiston BMT Ayollarning “Avlodlar tengligi” global kampaniyasi doirasida gender tenglik uchun innovatsiya va texnologiya bo‘yicha Harakatlar koalitsiyasi bilan yangi hamkorlik e’lon qildi va olti harakat koalitsiyasidan to‘rttasi oldidagi majburiyatini kuchaytirdi. Bular – genderga asoslangan zo‘ravonlik, jismoniy avtonomiya, iqtisodiy va adolat huquqlari bo‘yicha harakatlar koalitsiyasi. Shuningdek, Prezident ma’muriyati huzurida ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish hamda jabrlanganlarga kelishilgan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat yurituvchi yangi ijtimoiy himoya agentligi tashkil etilganini ham e’tirof etish kerak.

“CEDAW” so‘nggi hisoboti O‘zbekiston hukumatining ayollarga nisbatan kamsitishni bartaraf etishni jadallashtirish va gender tenglikni rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional, siyosiy asoslarni takomillashtirish borasidagi sa’y-harakatini olqishladi. Ayniqsa, 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinishini yuqori baholadi.

Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha  mamlakatimizda qanday kamchiliklarni kuzatdingiz? Muammolarni bartaraf etish  bo‘yicha taklif, tavsiyalaringiz bilan ham o‘rtoqlashsangiz.

Ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlik butun dunyo bo‘ylab inson huquqining eng keng tarqalgan buzilishi hisoblanadi. Dunyo miqyosida har 3 ayol yoki qizdan biri hayotida kamida bir marta jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka uchragan. 2023 yilga mo‘ljallangan Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha 16 kunlik faolligimizning asosiy shiori – “Zo‘ravonlik uchun bahona yo‘q!”.

Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish mumkin. Bu juda zarur masala bo‘lgani uchun biz nima qilayotganimizni bilamiz. Qonunchilikka muammoning oldini olishga qaratilgan yondashuvlar majmuasini kiritish kerak. Ijtimoiy me’yorni targ‘ib qilish uchun maktab, jamoa, ommaviy axborot vositalari, diniy va an’anaviy yetakchilar bilan ishlash, xabardorlikni oshirish lozim. Tazyiqqa uchraganlar uchun xizmat, boshpana va ishonch telefoni, huquqiy va psixo-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish zarur.

Huquqni muhofaza qilish idoralari va politsiya xodimlari uchun trening, jinoyatchini jinoiy javobgarlikka tortish, o‘zgarishni kuzatish va ta’sirni baholash uchun ma’lumot ishlab chiqish va axborotdan foydalanish dasturi orqali ish yuritish maqsadga muvofiq.

Gender tenglikka erishish va ayollar imkoniyatini kengaytirish marafondir. Buni faqat turli manfaatdor tomonlarning birgalikdagi sa’y-harakati bilan ta’minlab bo‘lmaydi. Ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston uchun eng yuqori darajadagi siyosiy majburiyat mavjud. Barcha darajada mashaqqatli ish davom etmoqda. Binobarin, davlat va xususiy sektorni qamrab oluvchi barcha yo‘nalishlar bo‘ylab salohiyatni oshirish, gender tamoyilini joriy etishni jamlagan ayrim sohalarni kuchaytirish kerak. Shuningdek, “barqaror moliyalashtirish” ta’minlanishi shart. Afsuski, “SDG-5” boshqalar orasida eng kam moliyalashtirilgan maqsadlardan biridir. Yana bir element – xizmatni muvofiqlashtirish va manfaatdor tomonlar hamkorligi. Demak, zo‘ravonlikning har qanday shaklini yo‘q qilish uchun ko‘proq harakat qilish kerak. Va nihoyat, men nafaqat genderga asoslangan zo‘ravonlik, balki gender tenglik va ayollarning huquqi va imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha institutsional monitoring hamda baholash mexanizmi bo‘yicha aniq, dolzarb ma’lumotlar muhimligini ham qayd etmoqchiman.

Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha faol 16 kunlik loyihasi samarasiga ham to‘xtalsangiz.

 Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi faol 16 kunlik har yili 25 noyabr – Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kunida boshlanib, 10 dekabr – Inson huquqlari kuniga qadar davom etadigan global kampaniyadir.

Fuqarolik jamiyati boshchiligidagi kampaniya Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Bosh kotibning “UniTE” tomonidan 2030 yilgacha ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish tashabbusi orqali qo‘llab-quvvatlanadi. Bu yil BMT 16 kunni “Birlashing! Ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga investitsiya kiriting!” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbir butun dunyo bo‘ylab ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berishda barcha manfaatdor tomonlarning muhim roli va sa’y-harakatini tan oladi. BMT Ayollar tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi sifatida biz butun kampaniya davomida hukumat, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor hamkorlari tomonidan ayollar va qizlar, yoshlar, erkaklar va o‘g‘il bolalarning ovozini hamma joyda kuchaytirish orqali amalga oshirilgan muhim qadamlarni alohida ta’kidlaymiz.

Kampaniya butun dunyo bo‘ylab yetakchilarni ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha majburiyatni bajarishga va mas’uliyatni oshirishga ham chaqiradi.

Ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish borasida olib borilayotgan ishlar bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida qanday o‘rin egallaydi?

  Umuman, Markaziy Osiyo mamlakatlari yaxshi ishlamoqda. Ayniqsa, COVID-19 pandemiyasi tufayli gender tenglk bo‘yicha erishilgan yutuqlarni hisobga olsak, O‘zbekistonda hukumat tomonidan ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgarish kiritilib, muhim qadamlar qo‘yildi. Bundan tashqari xotin-qizlar va ayollar boshchiligidagi fuqarolik jamiyati tashkilotlari sa’y-harakati kuchayishi bilan fuqarolik makonining o‘tgan yillarga nisbatan kengayishi kuzatilmoqda. BMT Ayollar tashkiloti sifatida biz mamlakatda gender tenglik va ayollar huquqini kengaytirish yo‘lida ishlayotgan barcha manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikda “qo‘lni qo‘lga berib” bu yo‘lda ildam odimlashga tayyormiz.

O‘zA muxbiri

 Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.