Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jerar Deparde: Bu diyor bilan faqat faxrlanish kerak!
10:34 / 2021-10-03

Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida Kinochilar uyida fransiyalik rejissyor Arno Frilening "Mening o‘zbekcha tushlarim" filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taniqli fransuz aktyori Jerar Deparde ishtirokida suratga olingan ushbu film jonajon O‘zbekistonimiz, unda kechayotgan yangilanish jarayonlari, an’ana va qadriyatlarimiz, madaniyatimizga xorijliklar nigohi bilan qarash imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

Film jarayonida uning bosh qahramoni  O‘zbekistonning turli mintaqalari, viloyat va shaharlarida  bo‘ladi. Bebaho me’moriy obidalar, bozorlar, ko‘hna shahristonlarni kezadi.  Yurtimizning har bir hududidan uning o‘zigagina xos bo‘lgan madaniyati bilan tanishadi.

- Bu loyihani Turizm va sport vazirligi  qo‘llab-quvvatladi, - dedi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduholiqov. - Bu film yangi O‘zbekiston haqida va qayta tiklangan kinofestivalda namoyish etilayotganida ham katta ma’no bor.

- O‘zbekistondek ahil, bag‘rikeng diyor meni maftun etdi, - dedi Jerar Deparde. - Bu yerda qadimiy sivilizatsiyalar kesishgan. Uning maftunkorligini,  qadimiyligi, betakrorligini ko‘rsatish men uchun muhim edi. Aslida, bu O‘zbekiston uchun emas, muammolari ko‘payib borayotgan Yevropa uchun tasvirga olingan edi. Sizlar ajoyib mamlakatda yashayapsizlar. Bu diyor bilan faqat va faqat faxrlanish kerak!

Aytish joizki, film yakunida Orol muammosi tomoshabin ruhiyatiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi. Biroq bugungi kunda Orolbo‘yi hududida yana ezgu ishlarning avj olgani qalbga  umid bag‘ishlashi shubhasiz. Umuman olganda, fransuz kinochilarining jonajon O‘zbekistonimiz haqidagi filmi nainki uning, balki millionlab xorijliklarning tabarruk zaminimizga bo‘lgan samimiy mehri, e’tibori, yuksak e’tirofi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov so‘zga chiqdi.

 

Nazokat Usmonova,

O‘zA