Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jenevadagi vebinarda iqlim o‘zgarishlari davrida aholining sog‘lig‘ini saqlashga e’tibor qaratildi
16:16 / 2024-02-23

Jenevada “Barqarorlikni kuchaytirish: iqlim o‘zgarishlari davrida aholini sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan to‘la qamrab olish istiqbollari” mavzusida vebinar bo‘lib o‘tdi.

Bu Parlamentlararo ittifoq (PI) tomonidan iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq favqulodda sharoitlarda sog‘liqni saqlash masalalariga e’tibor qaratishga bag‘ishlangan uchinchi vebinar hisoblanadi. 

Vebinar dunyo mamlakatlari parlamentlariga jamoatchilik salomatligini saqlash va iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq muammolarga eng samarali yechimlar topishga ko‘maklashish uchun tashkil etildi. 

Oflayn va onlayn tarzda o‘tkazilgan forumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazi direktori Akmal Saidov so‘zga chiqdi. 

O‘zbekiston vakili, avvalo, PI shafeligida o‘tkazilgan mazkur anjuman uning ishtirokchilariga global ko‘lamda sog‘liqni saqlash va ekologik barqarorlikni ta’minlashga barcha birdek mas’ul ekanligini anglatishiga e’tibor qaratdi. Iqlim o‘zgarishlari davrida aholining sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan to‘la qamrab olinishi mavzusi keng muhokama etilayotgani muhim qadamdir. 

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)da sog‘liqni saqlash masalasiga alohida o‘rin ajratilgan. Xususan, 3-maqsadning “Sog‘lom turmush tarzini ta’minlash va barcha insonlarga, yoshidan qat’i nazar, farovon yashashi uchun ko‘maklashish”, deb nomlangani bejiz emas. 

PI tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda, ayniqsa, “Eng “yashil” parlamentlar uchun o‘nta sa’y-harakat” va BAAning Barqaror qishloq xo‘jaligi (COP28) deklaratsiyasida iqlim o‘zgarishlari va sog‘liqni saqlash sohasi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish borasida harakatlar rejasi tavsiya etilgan. 

Qonun ijodkorlari uchun amaliy ahamiyatga ega harakatlar rejasida izchil taraqqiyot va barqarorlikka erishish yo‘llari ko‘rsatib berilgan. 

O‘zbekiston parlamenti va hukumati ham iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq muammolarni hal etish va aholini sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan to‘la qamrashni yanada oshirish yo‘lida sezilarli qadamlar qo‘ydi. Davlat atrof-muhit musaffoligini yaxshilash, qayta tiklash, asrab-avaylash va himoya qilishga astoydil intilmoqda. Bunda ekologik muvozanatni saqlab turish va Orol dengizi mintaqasidagi iqlimni yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotir. 

O‘zbekiston “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va iqlim o‘zgarishlari asoratlarini yumshatish bilan bog‘liq uzoq muddatli milliy majburiyatlarni zimmasiga olgan. O‘zbekistonning BRM bo‘yicha milliy maqsadlari, “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi, Iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish bo‘yicha strategiya kabi bir qator dasturiy hujjatlari talablariga to‘la mos bo‘lib, ushbu strategiyalar iqlim o‘zgarishlari sharoitida barqarorlikni oshirish maqsadiga yo‘naltirilgan. 

A.Saidovning ta’kidlashicha, mamlakatimiz tomonidan iqlim o‘zgarishlari va salomatlik bilan bog‘liq shu qo‘shaloq muammoga samarali yechim topish uchun kompleks strategiya ilgari surilmoqda. Bu strategiyaning zamirida, bir tomondan, barqaror taraqqiyotni ta’minlash, ikkinchi tomondan, atrof-muhitni himoya qilish, uchinchi tomondan, aholining barcha qatlamlariga sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatini yaratish masalalari mujassam. 

O‘zbekiston vakili vebinar ishtirokchilari e’tiborini ayni sohadagi to‘rtta muhim prinsipga qaratdi. 

Birinchi prinsip – integratsiya. Dunyo parlamentlari iqlim o‘zgarishlariga chidamlilikni sog‘liqni saqlash va aholining sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan to‘la qamrovini ta’minlash siyosati rejalariga integratsiyalashtirish, ya’ni uyg‘unlashtirish choralarini ko‘rishi zarur. Shu orqali mamlakatlar sog‘liqni saqlash tizimlarining iqlim o‘zgarishlari tufayli kelib chiqqan muammolarga moslashishga shayligi hamda qodirligiga erishiladi. 

Ikkinchi prinsip – adolat. Parlamentlarning bu boradagi sa’y-harakatlari hech kim e’tibordan chetda qolmasligini kafolatlaydigan tenglik va adolatga tayanishi kerak. Chunki iqlim o‘zgarishlaridan aholining zaif qatlamlari ko‘proq zarar ko‘rmoqda. Shu ma’noda, mamlakatlarimizning sog‘liqni saqlash tizimlari, ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, barcha insonlarga yordam ko‘rsatishga layoqatli bo‘lishi darkor. 

Uchinchi prinsip – barqarorlik.

Parlamentlar nafaqat o‘z mamlakatlarining ekologiya borasidagi siyosatida, balki milliy sog‘liqni saqlash tizimlarida ham barqarorlikka intilishi lozim. Bu o‘rinda, jumladan, barqaror infratuzilma uchun investitsiyalar yo‘naltirish, “yashil” texnologiyalarni tatbiq etish va sayyoramizni asrab-avaylashga xizmat qiladigan ilg‘or amaliyotlarni joriy qilish nazarda tutilmoqda. 

To‘rtinchi prinsip – hamkorlik. Parlamentlar duch kelayotgan muammolar ham o‘ta murakkab, ham o‘zaro chambarchas bog‘liqdir. Shuning uchun ularning yechimini birgalikda topish, bu borada mamlakatlar, sohalar va tarmoqlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish taqozo etiladi. 

A.Saidov o‘z so‘zi yakunida Jenevada o‘tkazilgan ushbu vebinar dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan shunchaki yig‘ilish emas, balki davrimizning ana shu taqdirulamal muammolarini hal etish uchun amaliy harakatga chorlaydigan ta’sirchan forumga aylanishiga ishonch bildirdi. 

Milliy markaz matbuot xizmatiga ko‘ra, Jeneva vebinarida PIga a’zo boshqa mamlakatlar parlamentlari namoyandalarining ham kun tartibidagi masalalar bo‘yicha milliy tajriba hamda amaliyotiga oid chiqishlari tinglandi. 

Taqdimotlar qizg‘in muhokama qilindi. Istiqboldagi loyihalar uchun amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi. 

N.Abduraimova, O‘zA