bugungi kunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash bilan bir qatorda xorijiy davlatlarning kasaba uyushma markazlari, xalqaro kasaba uyushmalari birlashmalari, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlikni rivojlantirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi (ACTRAV) bilan yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, birgalikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan qo‘shma tardbirlar rejasi qabul qilinishi an’anaga aylandi.
Xalqaro mehnat tashkiloti Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi (ACTRAV)ning Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergeyus Glovatskas taklifiga binoan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegatsiyasi Jeneva (Shveysariya) shahriga tashrif buyurdi. Mazkur tashrifdan ko‘zlangan maqsad – Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi (ACTRAV) bilan 2023 yilga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasini muhokama qilish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini belgilab olishdir.

Ayni kunda Jenevada rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegatsiyasi hamda XMT Mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi (ACTRAV) rahbariyati va departament rahbarlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi delegatsiyasi a’zolari va Xalqaro mehnat Byurosi xalqaro mehnat normalari bo‘yicha Departamentining huquqiy masalalar bo‘yicha katta mutaxassisi Oksana Volfman o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Oksana Volfman xonim suhbat avvalida so‘nggi 5 yil davomida O‘zbekiston Respublikasiga standartlarni qo‘llash bo‘yicha Ekspertlar qo‘mitasi tomonidan tanqidiy mulohazalar bildirilmaganini ta’kidladi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasining yangi Mehnat kodeksi, unga kiritilayotgan o‘zgarishlar xususida ham so‘z bordi. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining 87-Konvensiyasi ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar bo‘yicha fikr va mulohazalar almashindi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarni himoya qilish bo‘limi mudiri Mahmud Isayev 87-Konvensiyaning ayrim nozik jihatlari batafsil bayon etilgan yangi qonun hujjatlari va qonunlar xususida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida XMT vakillari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelgusidagi hamkorlik aloqalari yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Muhabbat O‘RMONBEKOVA,
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi
Matbuot xizmati rahbari