Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jek Marinay: mehmondo‘stlikda, san’atda, oilaga munosabatda O‘zbekiston dunyoga namuna bo‘lishga arziydi
20:39 / 2022-05-23

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida alban-amerika shoiri Jek Marinay she’rlaridan tarkib topgan “46 sahifa” kitobining taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda qatnashgan yozuvchi va shoirlar, yosh ijodkorlar ushbu to‘plamning mazmun-mohiyati bilan tanishdi.

Taqdimotda so‘zga chiqqan Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Adhambek Alimbekov, Zuhriddin Isomiddinov, Xosiyat Rustamova to‘plamning tarjimasi, undan o‘rin olgan she’rlarning badiiyati, umuman, mazkur adabiy loyiha haqida batafsil so‘z yuritdilar.

She’riyat inson ruhiyatini mo‘’jizakor muhitga olib kiruvchi, unga ma’naviy quvvat bag‘ishlovchi sehrli olam sanaladi. Zamonaviy jahon she’riyatida o‘z ovoziga ega bo‘lgan shoir Jek Marinayning his-tuyg‘ularga taskin beruvchi she’rlari ilk bor kitob holida adabiyot muxlislariga taqdim etildi. Bu she’rlarni adabiyot ixlosmandlarini Jek Marinayning inson ong-shuuriga yashiringan, o‘zlikni va o‘zgani anglashga ko‘mak beruvchi she’riyat, deyish mumkin.

“46 sahifa” kitobini chop etishga oid loyiha muallifi – taniqli shoira Xosiyat Rustamova, mas’ul muharrir – Shavkat Odiljon, tarjimonlar – Odil Ikrom, Muzaffar Mirzohid.

Jek Marinay alban-amerikalik shoir, yozuvchi, jahon adabiyoti bo‘yicha o‘zining ilmiy qarashlariga ega bo‘lgan mutaxassis olim va tarjimon, adabiy tanqidchidir. U adabiyotshunoslik va badiiy tarjima bo‘yicha ijtimoiy fanlar doktori, jahon adabiyoti bo‘yicha magistr va Dallasdagi Texas universitetining adabiyotshunoslik yo‘nalishida bakalavrlik dajarasiga ega ijodkordir. Jek Marinay she’riyat, jurnalistika, adabiy tanqidchilik va badiiy tarjima bo‘yicha chop etilgan yigirma beshdan ortiq kitob muallifi hamdir. Uning asarlari fransuz, nemis, italyan, koreys, rumin, rus, serb, ispan, o‘zbek, vetnam, ozarbayjon kabi yigirmadan ortiq tillarga o‘girilgan. Jek Marinay bir qator mamlakatlarning va xalqaro miqyosda adabiyotga oid ta’sis etilgan mukofotlarning sohibidir.

– Har bir insonning oldida qizil chiziq bo‘ladi, – dedi adabiy tanqid xususida o‘z fikrlarini bildirar ekan Jek Marinay. – Bu xolislik, rostgo‘ylik, ijodkor etikasi kabi jihatlar bilan bevosita bog‘liqdir. Adabiy asarni tanqid qilganda, ana shu qizil chiziqdan o‘tib ketish aslo mumkin emas. Aks holda tanqidchining barcha bildirgan fikrlari uning o‘ziga qarshi ishlay boshlaydi.

Uchrashuvda Jek Marinayning o‘zbek adabiyoti, umuman O‘zbekiston haqidagi fikrlari ham biz uchun juda qiziqarli bo‘ldi.

– O‘zbek adabiyoti katta, zalvorli, keng qamrovli ekani bilan jahon adabiyotida o‘ziga xos o‘ringa ega, – dedi u uchrashuv chog‘ida. – Bunday ta’rifni o‘zbek adiblariga nisbatan ham aytish mumkin. Mashhur o‘zbek adibi Qo‘chqor Norqobil Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchi bo‘lib AQSHning xalqaro "Jenima" mukofotiga sazovor bo‘lgani buni yana bir karra namoyon etmoqda. Yurtingizga tashrif davomida Samarqandga bordim. O‘zbek shoir va yozuvchilari ham jahon adabiyotiga quyosh kabi shunday nur sochib turibdi. Mehmondo‘stlikda, san’atda, ozodalikda, oilaga munosabatda O‘zbekiston dunyoga namuna bo‘lishga arziydi. Men o‘zbek oilalarining butun dunyoga ibrat ekaniga guvoh bo‘ldim. Yurtingizga kelganimda, O‘zbekiston haqidagi barcha ijobiy fikrlarim bejiz emasligiga ishonch hosil qildim. Bugun jahonga o‘zini namoyon etayotgan yangi O‘zbekistonning intilishlaridan aytish mumkinki, uning kelajagi porloqdir.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri