"Jeju Air"ning yana bir samolyotida qo‘nish moslamasi ishlamay qoldi
“Yonhap” xabar berishicha, Muan xalqaro aeroportida yuzaga kelgan yo‘lovchi samolyoti halokatidan bir kun o‘tib, “Jeju Air” kompaniyasining xuddi shu rusumdagi yana bir samolyoti shassi - ko‘tarilish va qo‘nish uchun zarur tizim bilan bog‘liq muammo tufayli yo‘ldan qaytdi.
30 dekabr kuni soat 06:37 da Kimpo aeroportidan Boeing B737-800 uchog‘ida samoga ko‘tarilgan 7C101 reysi ekipaji parvoz davomida nosozlikni aniqladi. Aviakompaniya darhol salondagi 161 yo‘lovchini muammodan xabardor qildi va samolyotni ortga burib, 07:25 da xavfsiz qo‘ndirdi.

“Jeju Air” boshqaruv departamenti rahbari Son Kyong Xun so‘zlariga ko‘ra, nosozlik aniqlangach, havo kemasi kapitani shunday qaror qabul qilgan. Shassi tekshirilib, me’yoriga keltirilgan bo‘lsa-da, sardor xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qaytishni ma’qul ko‘rgan.
Shundan so‘ng 21 yo‘lovchi ayni reysda uchishdan bosh tortdi. Qolganlar boshqa shu rusumli uchoqqa o‘tkazildi va samolyot 08:30 da Chejuga qayta yo‘l oldi.