Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
JDPUda xalqaro anjuman
10:40 / 2023-12-07

Jizzax davlat pedagogika universitetida O‘zbekistonda xorijiy tillarni o‘rganishni kuchaytirish maqsadida “Foreign Language Teachingand Applied Linguistics – FLTAL” anjumani tashkil etildi.

Onlayn tarzda o‘tgan ushbu konferensiyada AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy kabi 20 davlatdan 100 dan ziyod ishtirokchi qatnashdi.  

“Xorijiy tillarni o‘qitish va amaliy tilshunoslik” – FLTAL (Foreign Language Teaching and Applied Linguistics) anjumani butun dunyodagi barcha darajalarda til va tilshunoslikni o‘qitishga qiziqqan tadqiqotchilar, amaliyotchilar va o‘qituvchilarni birlashtirishga mo‘ljallangan.  

FLTAL uyushmasi O‘zbekistonda chet tillarni o‘qitish sohasida jahon pedagogik innovatsiyalari va eng so‘nggi ilmiy-metodik tadqiqotlarni taqdim etib kelmoqda.  

– Anjumanda O‘zbekistondagi bir qator nufuzli OTMdan tashqari, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Lyuksemburg, Livan, AQSH, Yangi Zelandiya, Eron, Ruminiya, Italiya, Kanada, Saudiya Arabistoni, Qatar, Janubiy Koreya, Sloveniya kabi mamlakat vakillari ham ishtirok etganini ta’kidlab o‘tish lozim, – deydi Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, professor Shavkat Sharipov. – Tilshunoslik fanlari professori Azamat Akbarov tashabbusi bilan 2011 yili asos solingan ushbu FLTAL uzoq yillar davomida haqiqiy brendga aylanib, ilmiy doiralarda keng tanildi. Chunki u filolog olimlar, tilshunoslar, til o‘qituvchilarining o‘ziga xos olimpiya o‘yinlari kabidir. 2011 – 2016 yillardagi FLTAL Yevropa oliy o‘quv yurtlarida, 2017 – 2018 yillari Qozog‘iston, 2019 yili Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialida, 2020 yili Samarqanddagi “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida, 2021 yili Buxoro davlat universitetida, 2022 yili Urganch davlat universitetida bo‘lib o‘tgan edi. Anjumanlarni ustoz Azamat Akbarov boshqarib kelmoqda. O‘tgan yillar davomida konferensiyaning asosiy spikerlari sifatida jahonning eng mashhur tilshunoslari qatnashib kelayotganini ham alohida ta’kidlash lozim. Jumladan, 2013 yilgi FLTAL anjumanida dunyoga mashhur tilshunos Noam Chomskiy ishtirok etgan.  

A.Qayumov,  

O‘zA muxbiri