Xabaringiz bor, joriy yilning 11-iyunidan 19-iyul sanasiga qadar AQSH, Kanada va Meksika davlatlari futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Tarixda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etadigan mundialda jamoalar 4 tadan 12 ta guruhga bo‘lingan holda bahs olib boradi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabariga ko‘ra, mundial davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Atlanta shahrida istiqomat qiladi va mashg‘ulotlarni “Atlanta Yunayted” klubiga qarashli bazada olib boradi.

Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, FIFA tomonidan 61 ta manzil tanlangan bo‘lib, ular musobaqa ishtirokchilarining istiqomat qilishi va mashg‘ulot o‘tkazishi uchun mo‘ljallangan.
Bazalarga joylashtirish jarayoni terma jamoalarning o‘yinlar o‘tkaziladigan shahar va stadionlar geografiyasidan kelib chiqib belgilanadi. Guruh bosqichi uchrashuvlari davomida ishtirokchilar boshqa shaharlarga maxsus charter reyslari orqali yetib borib, o‘yin yakunlangach o‘z bazasiga qaytib kelishadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatida “K” guruhidan o‘rin olgan. Quyida terma jamoamiz ishtirokidagi o‘yinlar taqvimi bilan tanishing:
17-iyun: O‘zbekiston - Kolumbiya
23-iyun: Portugaliya - O‘zbekiston
27-iyun: Saralash jamoasi - O‘zbekiston
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA