2026 yilning 11 iyunidan 19 iyul sanasiga qadar AQSH, Kanada va Meksika davlatlari futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Qayd etilishicha, tarixda ilk bor 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etadigan mundialda jamoalar 4 tadan 12 ta guruhga bo‘lingan holda bahs olib boradi.
Navbatdagi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining mukofot jamg‘armasiga ham oydinlik kiritildi. FIFA Kengashi tomonidan “JCH–2026” uchun jami 727 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi tasdiqlandi. Bu ko‘rsatkich Qatarda o‘tgan “JCH–2022” musobaqasiga nisbatan qariyb 50 foizga ko‘p.
Ma’lum qilinishicha, ajratilgan mablag‘lar milliy futbol assotsiatsiyalari o‘rtasida taqsimlanadi. Shundan 655 million AQSH dollari bevosita musobaqaning mukofot jamg‘armasi sifatida ishtirokchi jamoalarga yo‘naltiriladi.

Aniq raqamlarga ko‘ra, “JCH–2026” g‘olibi 50 million AQSH dollari, musobaqa vitse-chempioni 33 million, uchinchi o‘rin sohibi esa 29 million AQSH dollari bilan taqdirlanadi. To‘rtinchi o‘rinni egallagan jamoa 27 million dollar mukofot puliga sazovor bo‘ladi.
Shuningdek, chorak finalga chiqqan terma jamoalar 19 million, 1/8 final ishtirokchilari 15 million, 1/16 finalga chiqqan jamoalar 11 million AQSH dollaridan qo‘lga kiritadi. Guruh bosqichida musobaqani yakunlagan har bir jamoa esa 9 million AQSH dollari miqdorida mukofot puli oladi.
Bundan tashqari, har bir ishtirokchi terma jamoaga musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish xarajatlari uchun qo‘shimcha ravishda 1,5 million AQSH dollari ajratiladi. Shu tariqa, Jahon chempionatida ishtirok etgan har bir milliy terma jamoa kamida 10,5 million AQSH dollari daromad qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA