Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilning 11 iyunidan 19 iyuliga qadar o‘tkaziladigan Jahon chempionatida ishtirok etishi va mundialning “K” guruhidan o‘rin olganidan xabaringiz bor, albatta.
Shu o‘rinda Fabio Kannavaro boshchiligidagi terma jamoamiz guruh uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadionlar haqida ayrim ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.
Demak, 18 iyun kuni mamlakatimiz vaqti bilan soat 07:00da O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichidagi ilk o‘yinini Kolumbiya termasiga qarshi Meksikaning Mexiko shahrida joylashgan “Asteka” stadionida o‘tkazadi.

Ushbu stadion o‘z bag‘riga 87 ming nafar tomoshabinni sig‘dira oladi. O‘yingoh 1966 yilda qurilgan va 2016 yilda to‘liq rekonstruksiya qilingan bo‘lib, 1970 va 1986 yilgi Jahon chempionati finallariga mezbonlik qilgan. Qiziq jihati shundaki, mazkur stadionda futbol afsonasi Maradonaning o‘sha mashhur qo‘l bilan urgan goli kiritilgan. Stadion tarixiy ahamiyati bilan dunyo futbolida e’tirof etilgan.

Futbolchilarimiz ikkinchi tur uchrashuvida 23 iyun kuni soat 22:00da AQSHning Xyuston shahridagi "NRG" stadionida Portugaliya bilan raqobatlashadi. Mazkur o‘yingoh 2002 yil qad rostlagan bo‘lib, sig‘imi 70 ming tomoshabinga mo‘ljallangan. Stadion “NFL”, Konferensiya finallari va boshqa xalqaro futbol musobaqalariga mezbonlik qilgan. O‘yingohning qulayliklari ham o‘zgacha bo‘lib, unda avtomatik ochiladigan tom va zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalar, tomoshabinlar uchun raqamli xizmatlar, tezkor kirish-chiqish tizimi va zamonaviy foye mavjud.

Atalantadagi “Mercedes-Benz Stadium” o‘yingohida O‘zbekiston terma jamoasi pley-offda g‘olib bo‘lgan (Yamayka, Yangi Kaledoniya, Kongo DR) termaga qarshi uchinchi tur o‘yinini o‘tkazadi.


“Mercedes-Benz Stadium” stadioni haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, unga jami 71 ming nafar muxlis sig‘adi. 2017 yilda foydalanishga topshirilgan ushbu stadionning yarim yopiq zamonaviy tomi iqlim sharoitiga qarab avtomatik ravishda ochilib yopiladi. Majmuada tomoshabinlar uchun keng foye, VIP xonalar va zamonaviy media markazlari mavjud. O‘yingohdan asosan “NFL” va “MLS” musobaqalarida foydalaniladi, shuningdek xalqaro musobaqalar uchun ham mo‘ljallangan. Arena shaharning markazida joylashgani bois tomoshabinlar va jurnalistlar uchun qulay logistikaga ega.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA