Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Qatarda bo‘lib o‘tayotgan JCH-2022 g‘olibi kim bo‘lishi haqida o‘z fikrini bildirdi. «O‘ylashimcha, hozir Fransiya g‘oliblik uchun asosiy da’vogar hisoblanadi, bu haqda turnir boshlanishidan oldin ham aytgandim.
Shuningdek, Mbappe ushbu chempionatning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ladi», – deya keltiradi Ronalduning so‘zlarini Mirror nashri. Portugaliyalik yulduz JCH-2022 da ishtirok etgan Angliya terma jamoasi o‘yini haqida ham fikrlari bilan o‘rtoqlashgan.
«Shuni ham unutmangki, Angliya Fransiya bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda juda yaxshi o‘yin namoyish qildi. Mening fikrimcha, Angliya bilan ham xuddi Braziliya bilan bo‘lgan voqea takrorlandi. Angliya juda yaxshi o‘ynadi, lekin eng so‘nggida qandaydir mayda xatolar o‘yin yakuniga ta’sir qildi. Shunday bo‘lsada, baribir inglizlar jahon chempionatida ko‘rsatgan o‘yinlari bilan faxrlanishi kerak», – deya qo‘shimcha qilgan portugaliyalik hujumchi. Kecha JCH-2022 ning yarim finali doirasida Argentina terma jamoasi Xorvatiya ustidan yirik hisob bilan g‘alaba qozondi. Argentinaliklar endi bugun bo‘lib o‘tadigan Fransiya va Marokash uchrashuvi g‘olibi bilan finalda ko‘rishadi.