Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyillari keng qo‘llanilmoqda
17:36 / 2021-09-17

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Ichki ishlar vazirligi tizimidagi jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan qonun hujjatlarining ijrosini o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, uning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish sohasida xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishga qaratilgan bir qator qonun xujjatlari qabul qilindi. Ushbu hujjatlar asosida Ichki ishlar vazirligi tizimidagi jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning huquqiy holati belgilangan bo‘lib, ularning huquq va erkinliklariga rioya etish, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar qabul qilindi.  

O‘zbekistonda olib borilayotgan demokratik islohotlarni statistik ma’lumotlar bilan izohlash va mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rnining aniq ifoda etilishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 22 maydagi tegishli qaroriga muvofiq maxfiy hisoblangan ayrim ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritildi. Qator islohotlar natijasida ijtimoiy xavfi hamda uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etib, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga ilk marotaba saylash huquqi berildi. Umumiy, qattiq, maxsus, turma tartibli va tarbiya muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan telefon so‘zlashuvlari, uchrashuvlari hamda jo‘natma qabul qilishlari soni qariyb ikki barobar ko‘paytirildi.

Shuningdek, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning roziligi bilan ularga psixologik yordam ko‘rsatilishi hamda ruhiy holati buzilgan vaqtda sodir etilgan tartibbuzarligi uchun intizomiy jazo choralari qo‘llanilmasligi kafolatlandi. Manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotganlarning pensiya olish huquqlari qonun bilan belgilandi. Jinoyat-ijroiya kodeksiga jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibini belgilovchi yangi norma kiritilib, mahkumlarning jazo muddatini o‘tash davomida shaxsiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan choralar kengaytirildi.

Shuningdek, mahkumlarning iltimosiga ko‘ra, uzoq muddatli uchrashuv qisqa muddatli uchrashuvga yoki masofali video-uchrashuvga yoxud telefon orqali so‘zlashuvga, qisqa muddatli uchrashuv esa masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga almashtirilishi yo‘lga qo‘yildi. Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning olis masofadan keluvchi yaqin qarindoshlari ovoragarchiligiga barham berish maqsadida masofali uchrashuv xonalari tayyorlandi.  

Eng muhimi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga jazoni ijro etish koloniyalariga hech qanday moneliksiz kirish huquqi berildi. Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning mavjud muammolarini o‘rganish va ijobiy hal qilish maqsadida Jazoni ijro etish departamenti rahbariyati tomonidan sayyor qabullar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.  

Shu bilan birga, jazoni ijro etish muassasalarida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga, prokurorga murojaatlari, ariza hamda shikoyatlari uchun mo‘ljallangan alohida pochta qutilari o‘rnatilgan. Qonunlarga rioya etilishi prokuratura idoralari va Ombudsman tomonidan muntazam ravishda monitoring qilib borilmoqda.  

Yig‘ilishda jazoni ijro etish muassasalarida shaxsga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlar joriy qilish borasidagi ishlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ichki ishlar vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda mavjud bo‘lgan 54 ta jazoni ijro etish koloniyalaridan 18 tasi yopiq turdagi, 25 tasi manzil koloniya va 11 tasi tergov hibsxonlaridir. Jazoni ijro etish tizimida 29 mingdan ortiq, shundan 7 mingdan ortig‘i manzil koloniyada, 22 mingdan ortiq mahkumlar boshqa turdagi koloniyalarda jazo muddatini o‘tamoqda.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) tomonidan 2020 yil va 2021 yilning 1-chorak davomida jazoni ijro etish muassasalarida o‘tkazilgan monitoring tadbirlari natijalari, mahkumlardan kelib tushgan murojaatlar, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi a’zolarining joylardagi o‘rganishlari natijalari va tahliliy ma’lumotlar muhokama qilindi.Sohada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar, uning kelib chiqish sabablari, xatoliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar tanqidiy ko‘rib chiqilgan holda, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Ombudsman vakolatlarini kengaytirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha muhim takliflar bildirildi.

Muhokamalar yakunida jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qo‘llash, jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashda qo‘mita va mutasaddi tashkilotlar oldida turgan vazifalar belgilab olindi.  

 

Muhtarama Komilova, O‘zA