Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jazoir Fransiyadan javobgarlik talab qilmoqda
14:10 / 2025-12-27

Jazoir parlamenti 1830–1962 yillarda o‘lkaning Fransiya mustamlakachiligini rasman jinoyat deb tan oluvchi qonun loyihasini bir ovozdan ma’qulladi. Bu haqda “RIA Novosti” nashri yozib chiqdi.

Qabul qilingan hujjatga ko‘ra, Fransiya “Jazoirdagi mustamlakachilik o‘tmishi va u keltirib chiqargan fojialar uchun qonuniy javobgardir”.

Mustamlakachilik davrida sodir etilgan jinoyatlar qatoriga yadroviy sinovlar, sudsiz qatllar, qiynoqlar va zaxiralarni muntazam ravishda talon-taroj qilish kiradi.

Qonunda Jazoir Fransiya mustamlakachiligi natijasida yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar uchun “to‘liq va adolatli tovon” talab qilish huquqiga ega ekanligi ta’kidlangan. 

O‘z navbatida Fransiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu qonunni tanqid qildi va bu tashabbusni “dushmanlik” deb atadi.

Tarixdan ma’lumki, Fransiya bir necha asrlar davomida yirik mustamlakachi davlat bo‘lgan. Xususan, Jazoir 130 yildan ortiq vaqt davomida ushbu mamlakat vassali bo‘lib kelgan. 1962 yildagi milliy ozodlik urushi natijasida o‘lka mustaqillikka erishdi. Shu bilan birga, Parij 1966 yilgacha Jazoir cho‘llarida yadroviy sinovlar o‘tkazgan, bu esa mamlakatga jiddiy zarar yetkazdi.

Afrika mamlakatlari noyabr oyi oxirlarida Jazoirda mustamlakachilik jinoyatlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazdi va yakunda deklaratsiya qabul qilishdi.  Deklaratsiya matnida mustamlakachi kuchlarni o‘zlarining mustamlakachilik o‘tmishi uchun ayblarini rasman tan olishga chaqirilgan.

S.Rahimov, O‘zA