Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jazo o‘tayotgan yigit uchinchi marotaba jinoyatga qo‘l urdi
15:28 / 2023-05-24

Uchko‘prik tumanida yashovchi Zuhriddin Ahmadjonov (ism-shariflari o‘zgartirilgan) Qo‘qon shahridagi Shikorbegi ko‘chasida joylashgan avtomashina yuvish shoxobchasida ishlar edi. O‘tgan yilning 25 may kuni kech soat 17:30larda ishdan qaytayotib, uyiga yaqin joyda – Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi hududida turgan “Damas” avtomashinasiga ko‘zi tushadi. Unga yaqinroq borib, ichida bir yigit va qiz o‘tirganini ko‘radi. Shunda Zuhriddin uyali telefonini yoqib, ularni videotasvirga tushirib oladi.

Binobarin, mashina ichida o‘tirgan yigit Jamshid Sa’dullayev uni ko‘rib, pastga tushadi. – Bu yerda nima qilyapsanlar? – deb so‘raydi Z.Ahmadjonov go‘yoki yigit va qizni jinoyat ustida qo‘lga tushirgandek bo‘lib. – Shunchaki, o‘zimiz suhbatlashib o‘tiribmiz,– deydi J.Sa’dullayev, Biron hijolat tortib. – Aldama. Sen bu qiz bilan ko‘ngilxushlik qilayotganding. Nima, bizning mahallamiz senlar uchun ishratxona bo‘lib qoldimi?  deya Jamshidning yuziga shapaloq tortadi Zuhriddin. Ammo avtomashina sohibi uning tarsakisiga ham, e’tiroziga ham lom-mim deyolmay qoladi. Shu bois Z. Ahmadjonov unga ovozini yanada balandlatadi. – Hozir “uchastkavoy”ni chaqiraman, bu qilmishing uchun javob berasan. Qolaversa, mana bu telefonimdagi videoni internetga chiqarib yuboraman. Jamshid bu gapni eshitib, astoydil vahima va hayajonga tushadi. Negaki u o‘zidan ko‘ra ham birga kelgan qiz Gulshoda Yo‘lchiyevaning sha’nini o‘ylab xavotirlanadi. – Iltimos, unday qilmang, biz sharmanda bo‘lamiz,– deb yalinadi. – Bo‘lmasa ikki yuz ming so‘m berasan, shunda yopiqlik qozon yopiqligicha qoladi,– deydi Zuhriddin ochiq-oydin tovlamachilikka o‘tib. – Yonimda uncha pul yo‘q, – deya cho‘ntagidagi 50 ming so‘m pulni chiqarib ko‘rsatadi J.Sa’dullayev. Shunda Z.Ahmadjonov uning “Samsung A12» rusumli, bahosi 2 million so‘mlik mobil telefoni va o‘sha 50 ming so‘m pulini olib qo‘yadi. – Men aytgan pulni olib kelsang, telefoningni qaytarib beraman, – deb shart qo‘yadi. Shundan so‘ng, u J.Sa’dullayevni tashqarida qoldirib, o‘zi mashinaga o‘tiradi. – Bu yerda nima qilayotgandinglar? – atayin qizni savolga tutadi u. Biroq G.Yo‘lchiyeva ham qo‘rqib, ham uyalib boshini egadi. Zuhriddin esa uning ham qo‘lidagi uyali telefonini tortib oladi. – Hozir onangga qo‘ng‘iroq qilib, begona yigit bilan quchoqlashib yurganingni aytaman, – deydi qizga o‘qrayib. – Yo‘q, aka, oyim bilmasinlar, iltimos. Yaqinda to‘yim bo‘ladi, fotiham buzilib ketmasin. Jamshid akam sizni rozi qiladilar, qancha desangiz beradilar. Ular bilan kelishing, – deya yig‘lab yuboradi Gulshoda. Lekin Z.Ahmadjonov qizning ko‘z yoshlariga unchalik e’tibor bermaydi. Faqatgina oshiq yigitga pul bilan birga pivo ham ola kelishini tayinlab, ularni jo‘natib yuboradi. Ertasi kuni J.Sa’dullayev narxi 200 ming so‘mdan balandroq bo‘lgan elektroshoker asbobini berib, telefonlarni qaytarib olish maqsadida Zuhriddin ishlaydigan joyga boradi. Ammo uni topolmaydi. Shu bois ham o‘zining, ham Gulshodaning raqamiga qo‘ng‘iroq qiladi. Biroq javob bo‘lmaydi. Voqeaning uchinchi kuni ertalab esa yana avtomobillar yuvish shoxobchasiga boradi. Bu mahal Z.Ahmadjonov ish joyida edi. – Pul topolmadim. Shuning uchun mana bu elektroshokerni olib keldim, –deydi Jamshid salom-alikdan so‘ng. – Mayli, tashlab ketavering, – deya asbobni olib qoladi tovlamachi. Evaziga J.Sa’dullayevning telefonini qaytarib beradi. Lekin raqami chiroyli ekanligini aytib, qizning telefonini olib qoladi. O‘sha kuni kechqurun Jamshid Zuhriddinning chaqiruviga binoan, yana avtomobillar yuvish shoxobchasiga boradi. Yetib borgach, “Damas”ni yon tomonga to‘xtatadi. Shunda Z.Ahmadjonov avtomashinaning kalitini olib qo‘yadi. Soat 23:00 larda esa “Damas”ni olib qochib ketadi. Bu ham yetmagandek, Muqimiy shaharchasida – ko‘p qavatli uylar orasida haydab ketayotganida fuqaro Mansur Karimovning“Neksiya” avtomashinasi bilan to‘qnashib, yo‘l transport hodisasini sodir etadi. Oqibatda “Damas”ni o‘sha yerga tashlab, qochib ketadi. Binobarin, jabrlanuvchi mazkur holat yuzasidan shahar IIB ga murojaat qiladi. Shundan keyin Zuhriddin Ahmadjonovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi esa uni Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi, 166-moddasi 3-qismi “a” bandi va 267-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi. Buni qarangki, “qahramon”imiz dastlab 2020 yilda o‘g‘irlik ko‘chasiga kirgan ekan. Oqibatda jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tuman sudi 2020 yil 17 noyabrdagi hukmiga muvofiq, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan yuritilgan jinoyat ishi kodeksning 66-1-moddasi (yarashuv) tartibida tugatilgan. Yarashuv institutining qo‘llanilishi shaxsning sudlanganlik tamg‘asidan xalos etadi. Biroq ko‘zi ochilmagan yigit 2 yildan so‘ng talonchilikka qo‘l urgan. Ayni qilmishi uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Uchko‘prik tumani sudining 2022 yil 27 yanvardagi hukmiga binoan, Jinoyat kodeksining 166-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topilib, 1 yil 11 oy 28 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosiga tortilgan. Ana shu jazo muddatini o‘tayotganda esa uchinchi marotaba, yuqoridagi bir emas, uchta jinoyatni sodir etgan. Aslida yarashuv munosabati bilan jinoyat ishining tugatilishi hamda ikkinchi marotaba ozodlikni cheklash jazosi tayinlanishi unga o‘zini o‘nglab, qilmishlaridan tegishli xulosa chiqarib olishi va oilasini halol mehnat, peshona teri bilan boqishi uchun berilgan katta imkoniyat edi.  

Po‘latjon Mamatusmonov, 

jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon 

shahar sudining sudyasi