English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jazo muddatini o‘tayotgan 25 mahkum haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘ldi
14:49 / 2021-01-29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari doirasini yanada kengaytirishga qaratilgan ko‘plab qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun ma’lum tartibda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi.

Ta’kidlanishicha, mamlakatimizda bugungi kunda 43 ta jazoni ijro etish muassasasi va 11 ta tergov hibsxonasi mavjud bo‘lib, ularning 18 tasi yopiq turdagi koloniya va 25 tasi manzil-koloniya hisoblanadi.

Jazoni o‘tash muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan, kasbi bo‘lmagan 1 ming 118 nafar mahkum mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘rgatilib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi.

Jazoni ijro etish tizimi faoliyatida maxfiy hisoblangan ayrim ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritildi.

Voyaga yetmagan mahkumlarni saqlash uchun mo‘ljallangan tarbiya koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan tarbiyalanuvchilar uchun «V» toifasi bo‘yicha haydovchilik kurslari tashkil etildi. Hozirga qadar voyaga yetmagan mahkumlardan 25 nafari «V» toifasi bo‘yicha haydovchilik kurslarida o‘qitilib, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘ldi.

Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan hamda uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan shaxslarga ilk marotaba saylash huquqi berildi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standartlari qoidalari” qonunchiligimizga implementatsiya qilindi. Yopiq turdagi muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan telefon so‘zlashuvi, uchrashuvlari va jo‘natma qabul qilishi soni qariyb ikki barobarga ko‘paytirildi hamda ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning ruhiy holati buzilgan vaqtda sodir etgan tartibbuzarligi uchun intizomiy jazo choralari qo‘llanilmasligi kafolatlandi.

Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i, podpolkovnik Jamshid Sultonov taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj shaxslarni Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtirish qonunan mustahkamlab qo‘yilgan. Manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga pensiya va ijtimoiy sug‘urta to‘lash huquqi berildi va mahkumlarning jazo muddatini o‘tash davomida shaxsiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan choralar kengaytirilib, voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onalari bilan uchrashuvlariga nisbatan cheklovlar olib tashlandi. Mahkuma ayollarning bolalar uyida tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi joriy etildi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA