“Jayhun” jamoasi kubok sohibi
Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sportga jalb qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida futbol bo‘yicha prokuror kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Bir oy davom etgan musobaqada tuman ichki ishlar hamda xalq ta’limi bo‘limlari, mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlaridan 12 ta jamoa ishtirok etdi. Navro‘z bayrami arafasida g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlandi.

Musobaqada yaxshi o‘yin ko‘rsatgan “Jayhun” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi birinchi o‘rinni egallab, tuman prokurori kubogi sohibi bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni “Mo‘ynoq” mahalla fuqarolar yig‘ini, uchinchi o‘rinni “Tollio‘zak” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoalari egalladi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari kubok hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri