Javohir Sindorov yana bir yuksalishga erishdi
Joriy yil 28-mart - 16-aprel kunlari shaxmat bo‘yicha Kipr davlatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Nomzodlar turniriga hozirlik ko‘rayotgan mahoratli shaxmatchimiz Javohir Sindorov xalqaro reytingda yuksalishga erishdi.
AQSH kubogi turnirida ishtirok etgan dunyoning eng kuchli grossmeysterlaridan biri Uesli So reytingda 9 ochko yo‘qotdi. Natijasida kuchli o‘nlikni tark etdi. Hamyurtimiz esa turnirlarda ko‘rsatkichlarini yaxshiladi va FIDE reytingida Top-10 shaxmatchilar qatoriga qo‘shildi.

Jahon shaxmat tarixida ilk bor ikki o‘zbekistonlik grossmeysterlar Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov bir vaqtning o‘zida FIDEning Top-10 reytingidan joy oldi. Bu mamlakatimiz yoshlarining intellektual salohiyati yuqoriligidan darak.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA