Shaxmat bo‘yicha onlayn tarzda o‘tkazilgan “Titled Tuesday” turnirida hamyurtimiz Javohir Sindorov 440 nafar ishtirokchi orasida g‘oliblikni tantana qildi.
Mukofot jamg‘armasi 3 ming AQSH dollaridan iborat turnirda FIDE reytingi yetakchisi Magnus Karlsen, shuningdek Arjun Erigaisi, Fabiano Karuana, Yan Nepomnyaiy, Aleksey Sarana, Vinsent Kaymer, Mattias Blyubaum, Xikaru Nakamura singari dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirok etdi. Bahslarda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov, Jahongir Vohidov, Miraziz Matyoqubov qatori o‘nlab shaxmatchilarimiz dona surdi.

E’tiborli jihati, Javohir Sindorov o‘tkazilgan deyarli barcha bahslarda g‘alabaga erishgan bo‘lsa, Nodirbek Abdusattorov va perulik Renato Terri bilan durang o‘ynadi va onlayn turnir g‘olibligiga erishdi.
440 nafar shaxmatchi qatnashgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, hamyurtlarimizdan Nodirbek Abdusattorov 5, Nodirbek Yoqubboyev, 27, Shamsiddin Vohidov 30, Rauf Qosimov 71-pog‘onalardan joy oldi.

Onlayn turnirning yana bir e’tiborli jihati, yosh shaxmatchilarimizdan Miraziz Matyoqubov hindistonlik tajribali shaxmatchi Arjun Erigaisini mag‘lubiyatga uchratdi. Nodirbek Abdusattorov azaliy raqiblaridan biri Magnusni dog‘da qoldirdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA