Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Javohir SINDOROV: “Otni yaxshi ko‘rib, filni yomon ko‘raman, deydigan odatim yo‘q”
12:24 / 2022-01-10

Shaxmat bo‘yicha besh karra jahon chempioni Javohir Sindorov bilan suhbatlashish niyatida uning murabbiyi Bobur Sattorovga qo‘ng‘iroq qilganimizda kechki soat 20:00 edi. U bizga Javohir ayni daqiqalarda Xalqaro onlayn blits shaxmat musobaqasida ishtirok etayotganini, bahs tugagach, biz bilan bog‘lanishini bildirdi. Oradan ikki soat o‘tgach, ya’ni tungi 22:00da Javoxir biz bilan bog‘landi.

Besh karra jahon, olti karra Osiyo chempioni, ikki karra erkaklar o‘rtasida O‘zbekiston chempioni, dunyoning eng yaxshi xalqaro masteri va dunyoning eng yosh xalqaro grossmeysteri unvonlariga ega bo‘lsada, yulduzlik kasalidan chetlab o‘tayotgan chempion bilan telefon orqali suhbatlashdik.

– Javoxir onlayn bahs qanday o‘tdi? Kayfiyatingiz yaxshimi?

– Xalqaro onlayn blits shaxmat musobaqasida 20 dan ortiq davlatlarning kuchli shaxmatchilari ishtirok etishdi. O‘n bitta raqib bilan o‘ynadim. Sakkiz yarim ball to‘pladim. Birinchi o‘rinni ololmaganimga ozgina asabiylashdim.

– Kamchilik va xatolaringiz nimada deb o‘ylaysiz?

– Bu birinchidan tezkor shaxmat, ikkinchidan kompyuterda o‘ynadik. Kompyuter qandaydir odamning boshini og‘ritadi. Orada bitta keraksiz yutqazuv bo‘lib qoldi. O‘zim durang natijaga ko‘nmay, birinchilikni boy berib qo‘ydim.

– Demak, jonli shaxmat taxtachasida figuralarni yurg‘azish bilan kompyuter orqali shaxmat o‘ynash o‘rtasida katta farq bor ekanda?

– Albatta, shaxmat taxtachasining oldida o‘tirib, raqibning ko‘ziga qarab, o‘ynashni o‘zgacha zavqi bor. Taxtacha yonida o‘tirganda figuralarni his qilasiz, ko‘rish qobiliyati ham kompyuterga qaraganda ancha oshadi. Vaziyatni oldindan sezish ham osonlashadi, sababi raqib yurish qilyaptimi, nima uchun bu yo‘lni tanladi, degan fikr keladi xayolingizga, uning ko‘zlaridan ham ko‘p narsani sezib olsa bo‘ladi. Shu sababli onlayn, ya’ni kompyuterdagi o‘yin bilan shaxmat taxtachasi yonidagi o‘yinni ancha farqi bor.

–  Ot, farzin, piyoda, rux, fil, shox — bular orasida eng asosiy figura qaysi deb o‘ylaysiz?

– Boshqalarni bilmadimu, ammo men uchun hech bir figura ajralib turmaydi. Professional shaxmatchi hamma figuralar bilan bir xil o‘yin ko‘rsatishga harakat qiladi. Otni yaxshi ko‘rib, filni yomon ko‘raman, deydigan odatim yo‘q.

– Har doim shaxmat taxtachasi oldida bosh qotirib o‘tirish sizni charchatib qo‘ymaydimi?

– Yo‘q. Chunki odam qilayotgan ishini chin dildin, yaxshi ko‘rib bajarsa, hech qachon charchamaydi. Men shaxmat o‘ynab faqatgina rohatlanishim mumkin.  Shaxmatdan tashqari futbol ham o‘ynab turaman. Yana boshqa sport turlariga ham qiziqaman.

–  O‘n olti yoshdasiz, o‘smir yigit sifatida o‘z oldingizga qanday cheklovlar yoki talablar qo‘yasiz?

– Hozir mening oldimda eng birinchi vazifa – kun tartibi. Kun tartibiga rioya qilgan holda har kuni shaxmat bilan shug‘ullanaman. Bu –oldimga qo‘ygan eng birinchi talabim. Cheklovga kelsak, agar inson hayoti uchun nimadir, aytaylik, ko‘p ovqat iste’mol qilish yoki haddan ortiq ko‘p uxlash zarar ekanini bilsam, darrov o‘zimga shu narsalarni kamaytirish uchun cheklov qo‘yaman.

– Yangi yil arafasida Polshada shaxmat bo‘yicha bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida ishtirok etib qaytdingiz? Taassurotlar haqida ham bilishni istardik?

–  Dunyoning eng kuchli grossmeysterlariga qarshi kurash olib borish oson bo‘lmadi. Lekin shunga qaramay Nodirbek do‘stim bilan yaxshi o‘yin ko‘rsatdik. O‘ylaymanki, bizni bu yutuqlarimiz hali boshlanishi, kelajakda bundan ham ko‘proq natijalarni qo‘lga kiritish uchun o‘z ustimda tinmay izlanyapman.

– Har doim professional shaxmatchilar bilan dona surib o‘rganib qolgangiz. Aytaylik, shaxmatni endi boshlagan muxlislaringiz bilan ham dona sura olasizmi?

– Klubga borsam yoki ko‘chada yoshlar, keksa otaxonlar ko‘rib qolib, “Javoxir, siz bilan bir partiya o‘ynasam maylimi?” deyishsa, albatta ular bilan o‘ynayman. Ammo musobaqa doirasida shaxmatga endigina kirib kelgan boshlovchilar bilan o‘ynamayman.

– Qizlar shaxmatiga munosabatingizni ham bilmoqchi edik?

– Vengriyalik shaxmatchi ayol Yudit Polgar 1991 yillarda butun dunyoni lol qoldirgan. Polgar xalqaro grossmeyster hisoblanadi. U erkaklar o‘rtasida bo‘lgan turli bahslarda ham qatnashib, yaxshi natijalarga erishgan. Undan keyin hali hech bir ayol erkaklarga qarshi o‘yin ko‘rsata olmagan.

Yudit Polgar qizlar erkaklar bilan ham kurashishi mumkinligini isbotlagan. Yurtimizda shaxmat bilan shug‘ullanayotgan qizlar orasida iqtidorlilari ko‘p. Ular orasidan ham erkaklar bilan bahslasha oladiganlari chiqishiga umid bildiraman.

 

O‘zA muxbiri 
Nigora Rahmonova 
suhbatlashdi.